Makron bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlamoqchi
Olam
−
11 iyun 2025 2124 1 daqiqa
Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron 15 yoshdan kichik bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlash kerakligini aytdi. Bu haqda u “Le Figaro” xabar berdi.
Davlat rahbari mamlakatning Nojan-syur-Marn shahridagi maktablardan birida sodir bo‘lgan pichoqbozlikni izohlar ekan, shunday qarorga kelganini bildirgan. Unga ko‘ra, bolalar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan turli videolar oqimiga tushib qolib, shunday vahshiyliklar sodir etmoqda.
Makronning fikricha, Yevropa Ittifoqi bir necha oy ichida ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlashga qaratilgan qaror qabul qilishi lozim. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, agar Yevropa Ittifoqi bunday qarorni qabul qilmasa, Fransiya bu chorani mustaqil ravishda joriy etadi.
“Aks holda, biz buni Fransiyada amalga oshiramiz. Biz kutib o‘tira olmaymiz”, degan mamlakat Prezidenti.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 10 iyun kuni ertalab Fransiyaning Nojan-syur-Marn shahrida 14 yoshli o‘quvchi maktabga kirishda sumkalarni tekshirish paytida maktab xodimasiga pichoq bilan hujum qilgan. Ayol olgan jarohatlaridan bir necha soat o‘tib, vafot etgan. Politsiya xodimlari hujumchiga darhol qarshi choralar ko‘rgan. Hodisa paytida politsiyachilardan biri yengil pichoqlangan. Hujum sabablariga oid ma’lumot berilmagan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiyada kelasi o‘quv yilidan boshlab barcha o‘rta maktab o‘quvchilariga butun o‘quv kuni davomida mobil telefonlardan foydalanish taqiqlanadi.
Live
Barchasi