Makkajo‘xori dalasida Putin va Trampning noodatiy rasmi chizildi (video)

Olam

image

Germaniyaning Selm shahri yaqinidagi fermer makkajo‘xori dalasida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH Prezidenti Donald Tramp tasvirlangan ulkan labirint yaratdi. Bu haqda WDR mahalliy nashri xabar qildi.

Qayd etilishicha, fermer Benedikt Lyuneman har yili makkajo‘xori dalasida turli shakllardagi labirintlar yaratadi. Bu yil u Putin va Trampni yo‘rgakdagi ikki chaqaloq ko‘rinishida tasvirlagan. Trampning qo‘lida Yer shariga o‘xshash to‘p aks ettirilgan.

Daladagi tasvirni faqat havodan ko‘rish mumkin. Labirintga kelgan mehmonlar uchun esa qo‘shimcha tadbirlar, jumladan, viktorina ham tashkil etilgan. Savollardan biri “AQSH Prezidenti qaysi qoidalarga amal qilishi kerak?” degan mazmunda bo‘lib, javob variantlari orasida “qonun ustuvorligi”, “shovqin-suron” va “onasining qoidalari” degan variantlar keltirilgan.

Fermerning aytishicha, viktorina nafaqat odamlarni kuldirish, balki ularni o‘ylashga ham undashi kerak. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu orqali “ishlaydigan demokratiyada yashash qanchalik yaxshi ekani”ni eslatishni istagan.

“Yangiliklarni ko‘rsangiz, Tramp va Putin nimalar qilayotganiga ko‘pincha hayron qolasiz”, degan Lyuneman.

Bildirilishicha, labirint Xellouinga qadar tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin va Lukashenkoning karikaturasini chizgan rossiyalik rassom Polshada otib o‘ldirilgandi.
 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing