Makkaga kuchli to‘fon yopirildi (video)
Jamiyat
−
23 avgust 2023
31661Kecha, 22 avgust kuni Saudiya Arabistonida yog‘ingarchilik ortidan kuchli to‘fon yopirildi. Bu haqda “Gulf news” xabar berdi.
Qayd etilishicha, kuchli yog‘ingarchilik to‘fonlarni keltirib chiqarishi ortidan ko‘plab hududlarni suv bosgan. Madina, Makka, Asir, Jazan va Al-Baha kabi hududlarda kuchli momaqaldiroq kuzatilgan. Sharqdan esgan shamol butun mamlakat bo‘ylab katta talofatlarga sabab bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda ko‘rish mumkinki, kuchli shamol plastik buyumlarni uchirib yuborgan. Makka masjididagi Umra ziyoratchilarining harakatiga ham tahdid solgan. Jiddaning shimoli-sharqidagi Asfan yo‘lida shamol va kuchli yomg‘ir tufayli elektr ustunlari qulagan.
Birgina Makka shahrida kuchli momaqaldiroqli jarayonlar hamda yashin urishi hodisalari ro‘y bergan. Makka shahridan 10 km uzoqlikda joylashgan "Mina" kuzatuv meteorologik stansiyasida juda qisqa vaqt ichida 17 mm yog‘in tushgan. Makka shahridagi kuzatuv stansiyasi ma’lumotlarini olishning iloji bo‘lmagan.
Iqlimshunos Erkin Abdulahdovning so‘zlariga ko‘ra, shu kunlarda dunyo bo‘ylab turli tabiat hodisalari bilan bog‘liq kataklizmlar ortib ketgan.
“Chilida juda kuchli yog‘inlar ortidan, suv toshqini, suv bosishlar, Kanada va orollar to‘plami Gavayida kuzatuvlar tarixidagi misli ko‘rilmagan o‘rmon yong‘inlari, Hillari to‘fonining Kaliforniya va Meksika hududlariga yopirilishi, turli mintaqalarda anomal issiqliklar kuzatilyapti. Janubiy yarim sharda sovuq davr bo‘lishiga qaramay, JAR, Avstraliya shimoli, Argentina, Boliviyada mavsumga xos bo‘lmagan g‘ayritabiiy issiqlik yuz bermoqda”, deydi u.
LiveBarchasi