Maxachqal’adagi portlashda ayblanayotgan shaxs qamoqqa olindi
Olam
−
17 avgust 2023
7549Joriy yilning 14 avgust kuni Dog‘iston poytaxti Maxachqal’a chekkasidagi yoqilg‘i quyish shoxobchasida yuz bergan portlash yuzasidan ochilgan jinoyat ishi sudda ko‘rib chiqildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bugun, 17 avgust kuni Moskvaning Basmanniy tuman sudida Maxachqal’adagi portlashda 35 nafar odam halok bo‘lishi yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. Unga ko‘ra, mazkur favqulodda vaziyatning yuzaga kelishiga yoqilg‘i quyish shoxobchasiga tutash binoda yong‘inga xavfli xususiyatlarga ega bo‘lgan agrokimyoviy moddalarni saqlash qoidalarining buzilishi sabab bo‘lgan.
Sudda fuqaro E.N. ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygani ortidan 35 kishining umriga zomin bo‘lgan portlashda ayblanib, ikki oyga tergov izolyatoriga jo‘natilgan. Sud majlisi ayblanuvchi va uning yaqinlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida yopiq eshiklar ortida o‘tkazilgan.
“Ayblanuvchiga nisbatan 14 oktyabrgacha qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi belgilansin”, deya qarorni o‘qib eshittirgan sudya Natalya Dudar.
Manbaga ko‘ra, Maxachqal’ada yashovchi E.N. yong‘inga xavfli moddalarni qonunga zid ravishda saqlagan, deb taxmin qilinmoqda. U xavfsizlik talablariga javob bermaydigan mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki saqlash, ehtiyotsizlik tufayli ikki yoki undan ortiq odamning o‘limiga olib kelish moddasi bo‘yicha ayblangan. Bu orqali u 10 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 15 avgust respublikada motam kuni deb e’lon qilingandi. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon esa Rossiya yetakchisi Vladimir Putinga hamdardlik telegrammasini yo‘llagandi.
LiveBarchasi