Makgregor 69 soniyalik jangda 30 mln dollar ishladi
Sport
−
13 iyul 6787 2 daqiqa
Ikki vazn toifasida UFC’ning sobiq chempioni, irlandiyalik Konor Makgregor UFC 329 turnirida amerikalik Maks Xolloueyga qarshi jang uchun 30 million dollar gonorar oldi. Bu haqda “Fight Basic” xabar berdi.
Manba ma’lumotiga ko‘ra, Makgregor 69 soniyalik jangda 30 million dollar ishlab topgan. Bu har bir soniya uchun taxminan 435 ming dollarga teng.
Jang g‘olibi Maks Xollouey esa mazkur bahs uchun 3 million dollar mukofot puliga ega bo‘lgan.
Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan asosiy jang boshlanganidan atigi 69 soniya o‘tib texnik nokaut bilan yakunlandi. Makgregor bahsni raqibining boshiga tepish bilan boshlagan bo‘lsa-da, ko‘p o‘tmay o‘ng oyog‘iga noqulay yiqildi. Shundan so‘ng u bir necha bor muvozanatini yo‘qotib, oktagonga quladi va oyog‘idagi jarohat sabab jangni davom ettira olmadi.
Keyinchalik irlandiyalik jangchi son suyagi sohasidan jarohat olganini ma’lum qildi. Ayni paytda, ijtimoiy tarmoqlarda ayrim muxlislar va tahlilchilar uning jang oldidan jismoniy holatiga shubha bildirishdi. Makgregor esa bahsgacha hech qanday jarohati bo‘lmaganini ta’kidlab, oktagonga yana qaytish niyatida ekanini ma’lum qildi.
UFC 329 turnirida gonorar bo‘yicha keyingi o‘rinni britaniyalik Peddi Pimblett egalladi. U asosiy kardda fransiyalik Benua Sen-Deni ustidan bo‘g‘ish usuli bilan g‘alaba qozondi. Bu jang ham bir daqiqadan sal ko‘proq davom etdi. Pimblett g‘alaba uchun 850 ming dollar, Sen-Deni esa 500 ming dollar ishlab oldi.
Ma’lumot uchun, Makgregor 2021 yil iyul oyida amerikalik Dastin Porega qarshi jangda oyog‘ini sindirib olganidan beri MMA bahslarida ishtirok etmagan edi. Uning professional faoliyatida hozirga qadar 22 ta g‘alaba va 7 ta mag‘lubiyat qayd etilgan.
Live
Barchasi