Maqsadiga erishgan Makron. Fransiya va Ukraina liderlari nimalarga kelishdi?
Olam
−
09 fevral 2022
8840Avval xabar berganimizdek, kecha, 8 fevral kuni Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron Kiyevda Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy bilan uchrashdi. Ikki davlat Prezidentlari Ukraina sharqidagi mojaroni muhokama qilib, bir qancha yo‘nalishlarda hamkorlik qilish, jumladan, Ukrainaga moliyaviy yordam ko‘rsatish borasida kelishib oldi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, Makronning Zelenskiy bilan muzokaralari uzoq davom etgan, Prezidentlar rejalashtirilganidan bir soat kechroq matbuot oldiga chiqqan. Shu sababli, brifing qisqartirilgan formatda o‘tkazilgan.
Zelenskiy yig‘ilishni ochar ekan, bu Fransiya Prezidentining 24 yil ichida Kiyevga birinchi tashrifi ekanligini ta’kidlab, Ukraina sharqidagi tinchlik jarayoni muzokaralar markazida ekanini aytgan.
Ukraina Prezidenti Makron bilan bir qancha hamkorlik kelishuvlariga erishganini ma’lum qilgan. Qayd etilishicha, moliyaviy yordamdan tashqari, fransuz kompaniyalari Ukrainaga mudofaa sohasini isloh qilishda yordam beradi, Ukraina temir yo‘l monopoliyasi esa Fransiyadan yangi lokomotivlar sotib oladi.
“Iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash juda muhim. Biz Fransiyaning qudratli qadamini – Ukrainaga 1,2 milliard yevro miqdorida makromoliyaviy yordam ajratilishini juda qadrlaymiz. Bu haqiqatan ham iqtisodiyotimizni barqarorlashtirishga yordam beradi”, degan Ukraina rahbari.
Makron ham 1,2 milliard yevroni tilga olgan, biroq u buni makromoliyaviy yordam emas, balki fransuz kompaniyalarining Ukraina loyihalarini moliyalashtirish uchun davlat kafolati deb atagan.
Ma’lum qilinishicha, bu borada doiraviy kelishuvga may oyida erishilgan va Makronning Kiyevga shaxsan tashrifi bilan 1,2 milliardlik ikkita kelishuv imzolangan. Ulardan biri 900 million yevrogacha bo‘lgan yuzlab fransuz Alstom lokomotivlarini yetkazib berishni, ikkinchisi esa qutqaruvchilar uchun qiymati 300 million yevrogacha bo‘lgan 370 dona maxsus texnikani yetkazib berishni nazarda tutadi.
Zelenskiy mamlakat sharqidagi vaziyatga to‘xtalar ekan, siyosiy maslahatchilar darajasida Normand formatidagi uchrashuvni kutayotganini aytgan. Avvalroq, Yelisey saroyi Makron Putin bilan shunday uchrashuv o‘tkazishga rozi bo‘lganini ma’lum qilgandi.
“Biz Fransiyaning Donbassni tinch yo‘l bilan tartibga solish jarayonida qo‘llab-quvvatlayotganini juda qadrlaymiz. Ukraina va butun Yevropa oldida turgan muammolar bo‘yicha Fransiya Prezidenti bilan umumiy qarashlarimiz bor”, deya xulosa qilgan Ukraina rahbari.
Makron har ikki tomonni so‘zda ham, amalda ham xotirjam bo‘lishga chaqirgan. U Putin va Zelenskiy bilan uchrashuvlaridan so‘ng Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha muzokaralar oldinga siljishi mumkinligini hamda Rossiya va G‘arb o‘rtasidagi keskinlikni pasaytirish uchun aniq amaliy yechimlar mavjudligini aytgan.
Shuningdek, kecha, 8 fevral kuni ertalab Ukraina poytaxtiga yetib borgan Makron Putin bilan Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha muzokaralari natijalariga oid yangi bayonot bergan.
“Men mojaroning yomonlashuvi yoki uning kuchaymasligini angladim. Mening maqsadim o‘yinni to‘xtatish, keskinlashuvning oldini olish va yangi istiqbollarni ochish edi. Men bu maqsadga erishganimga ishonaman”, degan u aeroportda jurnalistlarga.
Eslatib o‘tamiz, Makron joriy yilning 7 fevral kuni Rossiyada Prezident Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazgandi.
LiveBarchasi