Magnitogorsk fojiasi qahramoni Rossiya Hukumati tomonidan taqdirlandi

Olam

image

Avvalroq, 2018 yilning 31 dekabr kuni Rossiyaning Chelyabinsk viloyati Magnitogorsk shahrida ro‘y bergan fojiada 8 kishining hayotini saqlab qolgan o‘zbekistonlik Olamafruz Abdullayev Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga taklif etilib, unga Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov tomonidan qimmatbaho sovg‘a, faxriy yorliq taqdim etilgani haqida xabar bergan edik. 

Bugun, 6 fevral kuni Chelyabinsk viloyati (Rossiya) gubernatori Boris Dubrovskiy va hududning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Margarita Pavlova O‘zbekiston fuqarosi Olamafruz Abdullayevga tantanali ravishda “Yaxshilik qilishga shoshiling” (“Speshite delat dobro”) medalini topshirdi. 

Marosim viloyat gubernatorining qarorgohida bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston TIV. 

Faxriy yorliqda yozilganidek, Olamafruz Abdullayev “Rossiya Federatsiyasining Konstitutsiyasi, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va Inson huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi Yevropa Konvensiyasi bilan mustahkamlab qo‘yilgan inson va fuqaro huquq va erkinliklarini himoya qilish ishiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun” medal bilan taqdirlandi. 

Medal Chelyabinsk viloyatidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, har yili jamiyat uchun muhim ishlarni amalga oshirgan va og‘ir turmush sharoitlariga tushib qolganlarga ko‘maklashgan shaxslarga topshiriladi. 

Olamafruz Abdullayev “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tomonidan taqdim etilgan bepul chipta bilan 7 fevral kuni Toshkentga uchub keladi.
 


Maqola muallifi

Teglar

Magnitogorsk OlamafruzAbdullaev Chelyabinsk

Baholaganlar

150

Reyting

3.5

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing