Rossiyadagi maktabda o‘quvchi otishma sodir etdi
Olam
−
15:45 2492 2 daqiqa
Bugun, 26 mart kuni Rossiyaning Chelyabinsk shahridagi 32-maktabda 9-sinf o‘quvchisi sodir etgan otishma oqibatida o‘qituvchi va o‘quvchilar jabrlandi. Bu haqda “Mash” xabar qildi.
Qayd etilishicha, hodisa dars vaqtida sodir bo‘lgan. 15 yoshli o‘quvchi sinfga kirgach, dastlab sinfdagi ikki o‘qituvchiga gaz purkagich bilan zarar yetkazgan, keyin sinfdoshining (qiz bola) boshiga o‘q uzgan. So‘ngra qochishga uringanida oynadan sakrab, oyog‘ini sindirgan.
Hozirda hujumni sodir etgan o‘quvchi va sinfdoshi shifoxonaga yetkazilgan. Shuningdek, o‘qituvchiga kimyoviy kuyish tashxisi qo‘yilgan.
Do‘stlari va sinfdoshlari ma’lumotlariga ko‘ra, u tinch va jiddiy bola bo‘lgan, ilgari karate bilan shug‘ullanib kelgan.
Hodisaning ehtimoliy sababi o‘quvchi sinfdosh qizni boshqa bir boladan qizg‘anish deb aytilmoqda va shu sababli sinfga qurol bilan kirgan. Sud-tergov qo‘mitasi hodisa bo‘yicha qasddan o‘ldirishga urinish ayblovi bilan jinoyat ishi ochgan.

Bolaning otasi Artur K. o‘g‘li qurolni qayerdan olganini bilmasligini aytgan. Shuningdek, 41 yoshli Artur K. shaxmat bilan shug‘ullangan va o‘g‘liga ham shu sport turini o‘rgatgan. Bundan tashqari, uni karate to‘garagiga ham olib borgan, bola esa muntazam turnirlarda qatnashib kelgan.
Hodisadan so‘ng maktab vaqtincha yopilgan va barcha o‘quvchilar uyga jo‘natilgan.
Eslatib o‘tamiz avvalroq Qobiljon Aliyev 2025 yilning 16 dekabr kuni Moskva viloyatidagi maktabda 15 yoshli Rossiya fuqarosi bo‘lgan o‘smir tomonidan pichoq bilan vahshiylarcha o‘ldirilgandi.Tojikiston TIV bu hujum milliy adovat asosida sodir etilganini bildirgan. Marhum bolaning jasadi 18 dekabr kuni Tojikistonga olib kelingan va Shahri-nav tumanida dafn etilgan. Rossiya tomoni Tojikiston hukumatiga Qobiljon Aliyev ishi bo‘yicha tergov jarayoni haqida rasmiy ma’lumot taqdim etgan va bu masala “alohida nazoratda” ekanini bildirgan.
Live
Barchasi