Maduro ishi bo‘yicha ilk sud majlisi bo‘lib o‘tdi

Olam

image

Bugun, 5 yanvar kuni Nikolas Maduro va uning rafiqasi Nyu-York sudida ishtirok etib, o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlarni tan olmasliklarini ma’lum qildi. Shuningdek, Maduro o‘zini halol inson deb atadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, Nikolas Maduro sudda unga qo‘yilgan ayblovlar bo‘yicha o‘z aybsizligini bildirgan. Nyu-Yorkdagi sud majlisida u o‘zini halol inson ekanini aytib, hanuz Venesuela prezidenti bo‘lib qolayotganini ta’kidlagan.
 
Shuningdek, Maduro sudda ispan tilida so‘zlagan va tarjimon xizmatidan foydalangan. Sud tomonidan unga to‘rtta band bo‘yicha, jumladan, giyohvand moddalar va qurol savdosi bilan bog‘liq ayblovlar qo‘yilgan. Uning rafiqasi Siliya Flores ham barcha ayblovlarni rad etgan.

AQSH sudi Maduroga Venesuela konsullik xodimlari bilan uchrashishga ruxsat bergan. Keyingi sud majlisi joriy yil 17 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH kuchlari tomonidan qo‘lga olingan Nikolas Maduro Bearcat mashinasi va vertolyot yordamida Manxetten federal sudiga yetkazilgani haqida xabar berilgan edi.

Joriy yil 3 yanvar kuni tunda Venesuela poytaxti Karakas shahrida portlashlar sodir bo‘lgandi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Donald Tramp Qo‘shma Shtatlar Venesuelaga keng ko‘lamli zarbalar berganini, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro esa rafiqasi bilan birga qo‘lga olinib, mamlakatdan olib chiqib ketilganini bildirdi.

AQSH rasmiylari er-xotinni “narkoterrorizm”da ayblamoqda, yaqin vaqt ichida ular AQSH sudida javob beradi.

Hozirda Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges mamlakat prezidenti vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib tayinlangan. U Maduro va uning rafiqasini zudlik bilan ozod qilishni talab qilmoqda. Ma’lum qilinishicha, ular allaqachon Bruklindagi (Nyu-York) tergov izolyatoriga yetkazilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning Venesuelada o‘tkazgan operatsiyasi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Venesuela Nikolas Maduro

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing