Madrid derbisida “qirollik klubi”ning qo‘li baland keldi

Sport

image

13 martga o‘tar kechasi Yevropa Chempionlar ligasi 1/8 final bosqichi javob o‘yinlari davom ettirildi. “Lill”-”Borussiya”, “Arsenal”-PSV, “Atletiko”-“Real”, “Aston Villa”-“Bryugge” uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.

“Borussiya” keyingi bosqich masalasini hal qildi

Dortmundliklar ilk o‘yinda o‘z uyida “Lill”ni qabul qilib, 1:1 hisobida durang qayd etgandi. Javob bahsida esa 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “Lill”dan 3:2 hisobida ustun kelgan Dortmund klubi chorak finalda “Barselona”ga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi.

“Arsenal” ham chorak finalga yo‘l oldi

Londonliklar ilk o‘yindayoq masalani hal qilgandi. Klub Niderlandiyada o‘tgan bahsda yirik 7:1 hisobida g‘alaba qozongandi. Londondagi o‘yin rasmiyatchilik uchun o‘tishi tayin edi. Ammo shunda ham “Arsenal” yaxshigina qarshilik ko‘rsatdi. Javob o‘yini 2:2 hisobida tugadi va ikki o‘yin natijasiga ko‘ra “Arsenal” chorak finalga yo‘l oldi. Endi Arteta qo‘l ostidagi jamoa ushbu bosqichda Madridning “Real”iga qarshi o‘ynaydi.

Madrid derbisida “qirollik klubi”ning qo‘li baland keldi

Ushbu jamoalar o‘rtasidagi ilk o‘yinda 2:1 hisobida Anchelotti shogirdlarining qo‘li baland kelgan edi. “Atletiko” va “Real” javob o‘yinida muxlislarni zeriktirib qo‘ymadi. Ilk daqiqadayoq “matraschilar” himoyachisi Konnor Gallaxer hisobni ochdi va jamoasini oldinga olib chiqdi. Ikkinchi taymda mezbonlar davrozasi tomon penalti belgilandi va ushbu 11 metrlik jarima zarbasini kutilmaganda Vinisius golga aylantira olmadi. Hisob o‘yin yakuniga qadar o‘zgarmadi. Ekstra-taymlarda ham vaziyat o‘zgarishsiz qoldi. Penaltilar seriyasida esa omad “Real”ga kulib boqdi va jamoa 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Shu tariqa, “qirollik klubi” chorak finalga yo‘l oldi. Endilikda Anchelotti shogirdlari ushbu bosqichda Londonning “Arsenal”iga qarshi maydonga tushadi.

“Aston Villa” qiyinchiliksiz chorak finalda

Birmingemliklar o‘z uyida “Bryugge”ni ayab o‘tirmadi va yirik 3:0 hisobida g‘alaba qozondi. Ushbu o‘yinda mezbonlar vingeri Asensio dubl qayd etgan bo‘lsa, yana bir gol Maatsen hisobiga yozildi. Ilk uchrashuvda “Aston Villa” 3:1 hisobida g‘alaba qozongan edi. Ikki o‘yin natijasi 6:1 va “Aston Villa” chorak finalda. Endi klub ushbu bosqichda PSJga qarshi maydonga tushadi.

Chorak final juftliklari bilan tanishing:

“Real Madrid” - “Arsenal”;

PSJ - “Aston Villa”;

“Barselona” - “Borussiya”;

“Inter“ - “Bavariya”.

Ma’lumot o‘rnida, chorak final dastlabki o‘yinlari 9-10 aprel kunlari, javob bahslari esa 16-17 aprel kunlari bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Real Atletiko Evropa Chempionlar ligasi 1/8 final javob o'yinlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing