Madaniyat vazirligida 12 mlrd so‘m byudjet puli talon-toroj qilingan – Norboyeva
Jamiyat
−
19 dekabr 2020
6993O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva 9 oyda Respublikadagi davat tashkilotlarida uchragan davlat byudjeti mablag‘larini talon-toroj qilish holatlari haqida ma’lumot berdi.
“Byudjet ijrosiga qarab islohotlarning qanday kechayotganini bilib olish mumkin. To‘g‘ri, bu yil oson bo‘lmadi. Shunga qaramasdan 9 oy davomida ko‘p ish qilingan. Biroq muammolar ham yetarli. Ayniqsa, mahalliy byudjetlar bilan bog‘liq tizimli muammolarning saqlanib qolayotgani hududlar palatasi sifatida bizni tashvishlantirishi tabiiy. Xususan, mahalliy byudjetlarda hosil bo‘lgan qo‘shimcha mablag‘larning 10 foizini jamoatchilik takliflariga ko‘ra yo‘naltirishning samarali, ochiq va shaffof tizimini yaratishga ehtiyoj bor. Umuman, mahalliy byudjetlarga qo‘shimcha manbaning aniqlanishi va sarflanishi masalalarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq”, dedi Norboyeva.
Senat raisi Toshkent viloyatida mahalliy byudjetlar qo‘shimcha daromadlari hisobidan 146,5 mlrd so‘mlik xato va kamchiliklarni aniqlanganini ta’kidladi.
“Xabaringiz bor, biz shu yilning oktyabr oyida Hisob palatasi bilan hamkorlikda Toshkent viloyatida mahalliy byudjetlar qo‘shimcha daromadlari hisobidan ajratilgan mablag‘lardan maqsadli va samarali foydalanish holatini o‘rgandik. 146,5 mlrd so‘mlik xato va kamchiliklarni aniqladik. Qurilishda qariyb 8 mlrd so‘mlik xarajatlar ortiqcha va yuqori narxlarda kiritilgan. Bajarilmagan ishlar uchun 1 mlrd 600 mln. so‘mlik xarajatlar qo‘shib yozilgan”, deydi u.
Tanzila Norboyeva so‘zida davom etar ekan, Bosh prokuratura bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 9 oy davomida byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish bilan bog‘liq 764 ta qonun buzilishi holati aniqlanganini, xususan Madaniyat vazirligida amalda yetkazib berilmagan mahsulotlar, bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 12 mlrd so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilinganini ma’lum qildi.
“Yoki Bosh prokuratura bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 9 oy davomida byudjet mablag‘larini talon-taroj qilish bilan bog‘liq 764 ta qonun buzilishi holati, jumladan, 468 ta jinoyat aniqlangan. Yetkazilgan zarar qariyb 220 mlrd so‘m. Aksariyat qonun buzilishi holatlari ta’lim tizimida kuzatilgan. Tizimda umuman ishlamaydigan odamlarga yillar davomida oylik yozib kelingan.
Vazirliklar va hokimliklarda ham ahvol shu. Madaniyat vazirligida amalda yetkazib berilmagan mahsulotlar, bajarilmagan ishlar va ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun 12 mlrd so‘m byudjet mablag‘i talon-toroj qilingan. Biz, “moddiy-madaniy meros ob’ektlariga qaranglar, madaniyat markazlari xarob ahvolda”, desak pul yo‘q deyishadi. Amalda esa ahvol mana bunday”, deydi Tanzila Norboyeva.
Senat raisi ushbu jinoyatlarga javobgarlik muqarrarligini aytib, qonunbuzilish holatlariga sharoit yaratib berayotgan omillarni sanadi.
“Albatta, javobgarlik muqarrar, undan qochib ketib bo‘lmaydi. Muammo, bunga sharoit yaratib berayotgan omillar: ochiqlik ta’minlanmagan, mas’uliyat yo‘q, nazorat sust! Tizim rahbarlari bu xususida bosh qotirishlari shart. Aks holda, bu kabi holatlar hali-beri tugamaydi”, deydi Norboyeva.
LiveBarchasi