Madaniyat vazirligi muhokamalarga sabab bo‘lgan loyiha bo‘yicha munosabat bildirdi
Jamiyat
−
10 aprel
17756Avvalroq, Madaniyat vazirligi tomonidan “Ovoz” musiqiy loyihasining tashkilotchilariga byudjetdan 1 mlrd 989 mln so‘m ajratilishi haqida xabar bergan edik. Holat ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lganidan so‘ng bunga Madaniyat vazirligi o‘z munosabatini bildirdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda “Talent show” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashabbusiga ko‘ra yo‘lga qo‘yilayotgan “The Voice of Uzbekistan” loyihasidan O‘zbekistondagi iqtidor egalarini qidirib topish, ularga iste’dodini yuzaga chiqarish uchun imkoniyat yaratish, “ustoz-shogird” an’anasini mustahkamlash kabi maqsadlar ko‘zlangan.
“The Voice of Uzbekistan” teleshousini O‘zbekistonda o‘tkazish bo‘yicha Buyuk Britaniyaning “ITV Studios Limited” kompaniyasiga tegishli bo‘lgan “The Voice” (“Golos”) litsenziyasi (franshizasi) “Talent show” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 5 mlrd so‘mdan ortiqroq mablag‘ evaziga sotib olingan hamda teleloyihani tashkillashtirish bilan bog‘liq boshqa xarajatlar amalga oshirilgan”, deya qo‘shimcha qilinadi munosabatda.
Madaniyat vazirligi teleloyihani to‘liq ishga tushirish va taklif etilgan ishtirokchilarning ustozlari, sozanda va boshqa tashkilotchilarga gonorar to‘lovlarini to‘lab berish maqsadida 2 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilishi rejalashtirilganini bildirdi. Qayd etilishicha, xarajatlar miqdori soliq va boshqa yig‘imlarni hisobga olgan holda ko‘rsatib o‘tilgan.
Vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasiga asosan har kim munosib mehnat qilish va mehnati uchun adolatli haq olish huquqiga ega ekani belgilab qo‘yilganini eslatgan va teleloyihadagi ustozlar, sozandalar va boshqalarga mehnatlari uchun munosib haq to‘lanishi nazarda tutilganini bildirdi.
“Madaniyat vazirligi tomonidan rejalashtirilgan mazkur xarajatlar teleloyihani tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlarning 30 foizini tashkil etadi”, deyiladi bayonotda.
LiveBarchasi