Madaniyat vazirligi bog‘cha opa emas – Nazarbekov ayrim san’atkorlarning xurmacha qiliqlari haqida
Madaniyat-san’at
−
11 mart
32572Madaniyat vazirligi ayrim san’atkorlarning xurmacha qiliqlari bo‘yicha tavsiyaviy profilaktikani amalga oshirishi mumkin. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov bugun, 11 mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Vazirga san’at vakillarining nomaqbul harakatlari kuzatilayotgani va bunga chora ko‘radigan tashkilot bor-yo‘qligi va ularni tiyib qo‘yish Madaniyat vazirligining vakolatiga kirish-kirmasligi haqida savol bilan murojaat qilingan.
“Albatta, bu mavzu trenddan tushmaydi. Biroq, bir narsani yaxshi tushunishimiz kerakki, biz demokratik jamiyatda yashayapmiz. Madaniyat vazirligi har bir noto‘g‘ri gapirganda, qaytaradigan bog‘cha opa emas. Sizlar 40-50 yoshli odamlar haqida gapiryapsizlar. U odamlarga ma’naviyatdan, odobdan gapirishning o‘zi qanchalik mantiqli. 50 yosh odamga bog‘chada gapiradigan, maktabda o‘rgatadigan narsalar bilan vazir shug‘ullanishi kerakmi? Nima deb o‘ylaysiz? Uning hunari erkin jamiyatdagi normalarga to‘g‘ri keladimi yo‘qmi, shunga ham qarash kerak”, deydi Nazarbekov.
Nazarbekovning aytishicha, vazirlikning doimiy tavsiyaviy xarakterdagi profilaktikasi mavjud.
“Hech kim indamaydi, Madaniyat vazirligi o‘tiribdi, desanglar xato qilasizlar. Mana shunday xurmacha qiliqlar chiqishi bilan reaksiya bildiramiz. Holat sodir bo‘lishi bilan o‘sha odamning o‘zi bilan gaplashamiz, ogohlantirish beramiz. Internetda bo‘layotgan birorta voqea shunday o‘tib ketmaydi”, deydi vazir.
Nazarbekov chora ko‘rish nuqtai nazaridan aytganda, ikkinchi tomon ham aks-sado berishini urg‘uladi. Uning aytishicha, ko‘p hollarda ikkinchi tomon vaziyatga liberal qarab, qandaydir chora ko‘rilishiga norozi bo‘ladi.
“Ma’naviyat tushunchasi ichki madaniyatga bog‘liq narsa. Bu har bir insonning ichki madaniyatiga bog‘liq. Ma’naviyat chegarasini hamma har xil ko‘radi. Kimdir sizga yoqmayotgan hunarini ma’naviyat deb o‘ylayapti. Lekin buni aniq chegarasi ham yo‘q. Hammada bir xil chegara emas va u chegarani buzmaslik kerak. Har bir odamni ichki, insoniy madaniyatiga bog‘liq bo‘lgan juda ko‘p masalalar bor. Shunday bo‘lsa ham, Madaniyat vazirligi hech qachon tomoshabin bo‘lib turgani yo‘q”, deya ta’kidlaydi Nazarbekov.
LiveBarchasi