Ma’muriy sudlarda tezkorlik va mas’uliyat oshiriladi
Jamiyat
−
14:00 605 2 daqiqa
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti fuqarolar va tadbirkorlarning iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaatlari hamda odil sudlovga oid yangi qonunga imzo chekdi.
Hujjatga ko‘ra, ma’muriy sudlarda ishlarni ko‘rish samaradorligini oshirish hamda fuqaro va mansabdor o‘rtasidagi tenglikni ta’minlash bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajriba (Germaniya, Qozog‘iston, Rossiya va boshqalar) asosida yangi qoidalar kiritilmoqda.
Mansabdorning majburiy ishtiroki. Qarori ustidan shikoyat qilinayotgan davlat organi mansabdor shaxsi yoki uning vakili sudga kelishi shart. Uzrsiz sabab bilan kelmagan mansabdor shaxsga nisbatan sud jarimasi qo‘llaniladi, ishni ko‘rish esa keyinga qoldiriladi.
Dastlabki eshituv instituti. Ish asosiy muhokamaga chiqarilguncha 20 kunlik muddatda dastlabki eshituv o‘tkaziladi. Unda talablar aniqlashtiriladi, kamchiliklar ko‘rsatiladi, dalil va yozma fikrlar yig‘iladi.
Ariza qaytarilganda imkoniyat. Dastlabki eshituvda ariza qaytarilsa, arizachi qayta murojaat qilish huquqiga ega bo‘ladi va to‘langan davlat boji qaytarib beriladi.
Bu harakatlar va o‘zgarishlar tizimga nima beradi?
Mansabdor shaxsning sudda shaxsan ishtirok etishi fuqaroga davlat organi nega aynan shunday qaror qabul qilgani bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushuntirish olish va adolatni qaror toptirish imkonini beradi.
Dastlabki eshituv esa sudyaga surishtiruvlarni oldindan mukammal o‘tkazib, ishni qulay va qisqa muddatda ko‘rib chiqishga yordam beradi.
Shuningdek, mazkur qonun davlat organlari bilan muloqotda fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirish, adolatli sudlovning ochiqligini ta’minlash hamda sudga murojaat etish mexanizmini yanada yengillashtirishga qaratilgan.
Live
Barchasi