Mahsaning o‘limi ortidan Kanada Eronga sanksiyalarni kuchaytirdi
Olam
−
08 Oktabr 2022
6383Kanada hukumati Eronga qarshi sanksiyalarni kuchaytirmoqda, bu esa Islom inqilobi gvardiyasi korpusining 10 mingdan ortiq a’zosini (Eron elita bo‘linmalari) Shimoliy Amerika mamlakatiga kirish huquqidan doimiy mahrum qiladi, shuningdek, ushbu tuzilma bilan bog‘liq barcha operatsiyalarni taqiqlaydi. Bu haqda Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo kecha, 7 oktyabr kuni jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Ushbu chora jinoyat yoki genotsid sodir etuvchi rejimlarga nisbatan eng og‘ir holatlardagina qo‘llaniladi. Bu Islom inqilobi gvardiyasi korpusi yuqori rahbariyatining 50 foizi, davlatning bu jirkanch xatti-harakati uchun mas’ul bo‘lgan 10 mingdan ortiq zobit va yuqori martabali a’zolarining Kanadaga kirish huquqidan mahrum qiladi”, deydi Tryudo.
Bundan tashqari, Ottava Islom inqilobi gvardiyasi korpusi bilan barcha operatsiyalarni taqiqlaydi.
Tryudoning ta’kidlashicha, Ottava shuningdek, Kanadada Eron rasmiylari va harbiylari tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan pul yuvish va noqonuniy moliyaviy faoliyatga qarshi kurash, shuningdek, kelib chiqishi eronlik bo‘lgan kanadaliklarni chet el aralashuvidan himoya qilish imkoniyatlarini oshiradi.
Buning uchun, xususan, Kanada Tashqi ishlar vazirligida maxsus yangi sanksiyalar byurosi tashkil etiladi. Ushbu maqsadlar uchun byudjetdan 76 million Kanada dollari (55,4 million AQSH dollari) ajratiladi. Kanada Bosh vaziri Ottava Tehronga qarshi sanksiyalar siyosatini davom ettirish niyatida ekanini qo‘shimcha qildi.
3 oktyabr kuni Kanada inson huquqlarining qo‘pol buzilishi, jumladan, ayollarni muntazam ta’qib qilish, xususan, Mahsa Aminining o‘limiga sabab bo‘lgan Eron axloq politsiyasi tomonidan sodir etilgan qo‘pol xatti-harakatlarga javoban 25 nafar eronlik jismoniy va 9 yuridik shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Sanksiyalar, xususan, Islom inqilobi gvardiyasi korpusi qo‘mondoni Husayn Salamiy, Islom inqilobi gvardiyasi korpusining "Al-Quds" maxsus kuchlari qo‘mondoni Ismoil Kaani, Eron axloq politsiyasi rahbari – Eron razvedka vaziri Sayyid Ismoil Xatib, shuningdek, razvedka vazirligiga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni Eronda axloq politsiyasi tomonidan noto‘g‘ri hijob kiygani uchun hibsga olingan 22 yoshli talaba Mahsa Amini vafot etdi. Uning vafotidan so‘ng mamlakatda norozilik namoyishlari boshlandi.
Namoyish sifatida butun mamlakat bo‘ylab ayollar hijobni yoqib, sochlarini kesmoqda. Ushbu norozilik dunyoning boshqa mamlakatlarida ham aks-sado bermoqda.Namoyishchilar ko‘chalarni to‘sib, xavfsizlik kuchlariga tosh otdi, politsiya mashinalari va axlat qutilariga o‘t qo‘ydi, hukumatga qarshi shiorlar aytishdi.
Amini o‘tgan hafta poytaxtda Eron axloq politsiyasi tomonidan ayollarning sochlarini hijob yoki ro‘mol, qo‘l va oyoqlarini keng kiyim bilan o‘rashni talab qiluvchi qonunni buzganlikda ayblanib hibsga olingan edi.
Qo‘lga olinganidan uch kun o‘tgach, Amini vafot etdi. Rasmiylarga ko‘ra, o‘limga "yurak yetishmovchiligi" sabab bo‘lgan. Ammo marhumning qarindoshlari qizning yuragida hech qachon muammo bo‘lmaganini da’vo qilmoqda. Ular jabrlanuvchini kaltaklash oqibatida vafot etgan, deb taxmin qilmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari vazifasini bajaruvchi Nada Al-Nashif Amini politsiya tomonidan kaltaklangani haqidagi xabarlarga ishora qildi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari hibsga olingandan keyin vafot etgan eronlik Mahsa Amini o‘limi sababli Eronning axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar kiritdi. Keyinroq Kanada ham bir necha o‘nlab Eron rasmiylari, biznes vakillari, shuningdek, Eron axloq politsiyasiga qarshi sanksiyalar joriy etishga qaror qildi.
LiveBarchasi