Mahallabay ishlash agentligi Kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga o‘tkaziladi
Jamiyat
−
05 Oktabr
2483Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligiga o‘tkaziladi. Bu haqda “Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik sohasida davlat siyosatini takomillashtirish va samaradorlikni oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida so‘z boradi.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligining tuman bo‘limlari, tuman hokimligi hamda MFY o‘rtasida mahallalarda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha uch tomonlama “mahalla shartnoma”lari tuziladi.
Bunda ushbu shartnomada vazirlik tuman bo‘limi va hokimiyat – infratuzilmani yaxshilash, aholining daromad manbaini oshirishga sharoit yaratishga, mahalla raisi – aholini ishga jalb qilish, hududni obodonlashtirish, jinoyatchilikni kamaytirish kabi vazifalarga mas’ul bo‘ladi.
Ish beruvchilarning ehtiyojini o‘rganish asosida ishsizlarni kasblarga maqsadli o‘qitishni inobatga olgan holda Kasbiy ko‘nikmalar markazlari tashkil etiladi.
Bunda:
- markazlarda ish beruvchilar talabiga moslashtirilgan ekspress kurslar tashkil etiladi hamda amaliy ko‘nikmalarni bevosita ish joyida shakllantirish tizimi yaratiladi;
- markazlarda xalqaro tan olingan dasturlar joriy qilinadi va xorijda tan olinadigan sertifikatlar berilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Ma’lumot uchun, Mahallabay ishlash agentligi 2021 yilda tashkil etilgan. Respublikada tadbirkorlikni va mahallalarni iqtisodiy rivojlantirish borasida yagona davlat siyosatini yuritish, mahallabay ishlashning vertikal tizimi asosida aholining daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish va o‘qitish hamda o‘zini o‘zi band qilish faoliyatiga yo‘naltirish, vakolatli davlat organlari va tashkilotlari hamda mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilarining faoliyatini muvofiqlashtirish agentlikning asosiy vazifalari etib belgilangandi.