QALAMPIR.UZ surishtiruvi ortidan Bandlik vazirligi markazining mol-mulki xatlandi

Jamiyat

image

Avvalroq, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markazi tarkibidagi Kasb-hunarga o‘qitish bo‘limida 2020 yil 14 oktyabrdan 2024 yil 31 dekabrgacha ishlab kelgan va asossiz ravishda ishdan bo‘shatilgan, sud ajrimi asosida to‘lanishi kerak bo‘lgan 769 million so‘mni ololmay kelayotgan 14 nafar mutaxassis QALAMPIR.UZ’ga murojaat qilgani haqida xabar bergan edik.

Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo‘latovning QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, sud qarori ijrosi ta’minlanmagani sababli markaz rahbari Abduhalil Rahmonov jarimaga tortilgan. Shuningdek, u boshqarib kelayotgan markazdagi 1887 turdagi, umumiy qiymati 18 milliard so‘mlik mol-mulklar xatlanib, band solingan.

Qayd etilishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining ijro varaqasiga asosan, qarzdordan O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markaziga ishga tiklash hamda majburiy "progul" vaqti uchun ish haqi va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati Majburiy ijro byurosi ish yurituviga kelib tushgan.

Byuroning Yangihayot tuman bo‘limi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga mazkur sudning 2025 yil 6 iyundagi 2-1005-2512/30-sonli ijro hujjati bo‘yicha keyingi ijro harakatlarini amalga oshirish yuzasidan tushuntirish so‘rab, murojaat qilingan.

O‘z navbatida, Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining joriy yil 5 avgustdagi javob xatida, Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining 2025 yil 23 maydagi ajrimi hamda taftish instansiyasining 22 iyuldagi ajrimi o‘zgarishsiz qoldirilgani, ijro harakatlari esa davom ettirilishi bildirilgan.

Yuqoridagilarga asosan, Sergeli tuman g‘aznachilik bo‘limiga javobgar O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlarining malakasini oshirish markaziga nisbatan “Byudjet tashkilotlarining moliyaviy majburiyatlari bo‘yicha unga tegishli bo‘lgan pul mablag‘lariga qaratish to‘g‘risida”gi qaror bo‘yicha undiruv harakatlari davom ettirilib, sud qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan xabarnoma yuborilgan.

Ijro harakatlari davomida qarzdor markazning bank hisob raqami hamda ikki avtotransport vositasiga band solingan. Bundan tashqari, mazkur ijro hujjati yuzasidan markaz direktori Abduhalil Rahmonovga nisbatan sud qarori ijrosi ta’minlanmaganligi sababli, 8 sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 198-1-moddasi 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari, ya’ni 4 120 000 so‘m miqdorida jarima qo‘llanilgan. Joriy yilning 11 sentyabr kuni mazkur jarima summasi markaz direktoridan undirilgan. Shuningdek, majburiy ijro harakatlari davomida markazga tegishli bo‘lgan 10 dona kompyuter to‘plami qarzdorlik qoplanmaganligi uchun xatlangan.

Joriy yilning 21 oktyabr kuni, QALAMPIR.UZ surishtiruvidan so‘ng qarzdor markazning ma’muriy binosiga chiqilib, tashkilotga tegishli bo‘lgan 1 ming 887 turdagi, umumiy qiymati 18 milliard so‘mlik mol-mulklar xatlanib, band solingani ma’lum qilindi.

QALAMPIR.UZ voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.


Maqola muallifi

Teglar

Kambag'allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xodimlar Abduhalil Rahmonov Kasb-hunar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing