Myanmaning harbiy isyon natijasida ag‘darilgan rahbariyati korrupsiyada ayblanmoqda 

Olam

image

Myanmaning sobiq Davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va boshqa bir qator hukumat amaldorlari 600 ming dollar va 11 kg oltinni o‘zlashtirishda ayblanmoqda. Bu haqda G‘arb matbuoti xabar bermoqda.

“Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha komissiya sobiq Davlat maslahatchisi Aun San Su Chjiga qarshi korrupsiya ishlari bo‘yicha tergov o‘tkazdi. U davlat xizmatida bo‘lganida korrupsiya sodir etganlikda aybdor deb topildi”, deyilgan mamlakat harbiy rahbariyati xabarida. 

Qayd etilishicha, Aun San Su Chji vakolatini suiiste’mol qilishda ham ayblanmoqda. 

Myanma qonunchiligiga ko‘ra, yuqori lavozimli mansabdor shaxslar bunday ayblov bilan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. 

Ma’lumot o‘rnida, Myanmada joriy yilning 1 fevral kuni armiya Tashqi ishlar vaziri va davlat maslahatchisi Aun San Su Chji va boshqa yuqori lavozimli amaldorlarni hibsga olib, hokimiyatni egallab olganini e’lon qildi. Hozirda mamlakatda hokimiyat Myanma Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Min Aun Xlaynning qo‘lida.  

Harbiylarning ta’kidlashicha, davlat to‘ntarishi 2020 yil 8 noyabrda bo‘lib o‘tgan saylovlarda katta miqdordagi firibgarliklar haqidagi da’volarga javobdir. To‘ntarishdan keyin mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi.  

Myanmani bir yil davomida harbiy xunta boshqaradi. Mamlakatdagi harbiy to‘ntarish oqibatida 24 vazir va ularning o‘rinbosarlari o‘z lavozimlaridan mahrum bo‘ldi. Keyinchalik, 1 aprel kuni harbiy xunta bir oylik sulh e’lon qildi. 

Hisob-kitoblarga ko‘ra, tartibsizliklar davomida 700 dan ortiq odam halok bo‘lgan, 250 mingdan ortiq kishi o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

M'yanma

Baholaganlar

36

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing