Myanmadagi konda ishlayotgan 113 kishi ko‘chki ostida qolib ketdi
Olam
−
02 iyul 2020
4946Myanma shimolidagi nefrit maydonida sodir bo‘lgan ko‘chkidan so‘ng, kamida 113 kishining jasadi topildi. Bu haqda BBC xabar bermoqda.
Mamlakatning Kachin shtatida joylashgan Xpakant tumanida hanuz bedarak ketgan odamlarni qutqarish ishlari davom etmoqda.
Yong‘in xizmati xabariga ko‘ra, kuchli yomg‘ir natijasida paydo bo‘lgan loy to‘lqinlari to‘plangan toshlarni bosib qolgan.
Myanma nefritning jahondagi eng katta manbasi hisoblanadi. Biroq mamlakatdagi shaxtalarda ko‘plab baxtsiz hodisalar sodir bo‘ladi. Ularning aksariyati qimmatbaho toshni izlayotgan odamlar bilan bog‘liq.
Yuzlab odamlar toshlarni topish umidida yuk mashinalari tashlab ketgan qum uyumlarini orasini qidirib yuradi. Bunday qum uyumlari bora-bora hayot uchun xavfli qiyaliklarga aylanadi.
O‘tgan yilning o‘zida ana shunday baxtsiz hodisalar oqibatida 100 dan ortiq kishi halok bo‘lgan edi.
Xabar qilinishicha, Myanmadagi nefrit savdosi yiliga 30 milliard dollardan ortiq.
LiveBarchasi