Luvrdan o‘marilgan buyumlar qancha turadi?
Olam
−
22 Oktabr 7507 2 daqiqa
Fransiyaning Luvr muzeyida sodir etilgan o‘g‘rilik oqibatida yetkazilgan zararning dastlabki bahosi 88 million yevroni tashkil etadi. Bu haqda Parij prokurori Lora Bekko RTL telekanaliga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Bekko bu summani “haqiqatan ham hayratlanarli” deb atagan, biroq bu faqat iqtisodiy zarar ekani, tarixiy zarar bilan qiyoslab bo‘lmasligini alohida ta’kidlagan.
Prokurorning so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchilar o‘g‘irlangan zargarlik buyumlarini shunchaki eritib yuborish orqali 88 million yevro daromad ololmaydi. U bunday fikrni “ma’nosiz” deb baholagan va jinoyatchilar muzey qadriyatlarini yo‘q qilmasliklarini umid qilgan.
Qayd etish joiz, 19 oktyabr kuni Luvrdan quyidagi zargarlik buyumlari o‘g‘irlangan edi:
- Mari-Luizaning (Napoleonning ikkinchi rafiqasi) to‘plamidan marjon va sirg‘alar;
- qirolicha Mariya-Amaliya hamda Niderlandiya qirolichasi Gortenziya de Bogarne kolleksiyalaridan marjon, sirg‘alar va tiara;
- shuningdek, Yevgeniya (Napoleon III rafiqasi) kolleksiyasidan ikkita brosh, ko‘ylak bezagi uchun bant va tiara.
Yevgeniyaning toji va yana bir noma’lum bezak buyumini jinoyatchilar qochish chog‘ida Luvr devorlari yonida tashlab ketgan.
Fransiya Madaniyat vaziri Rashida Datining ma’lum qilishicha, g‘araz niyatli shaxslar zargarlik buyumlarini atigi to‘rt daqiqada olib chiqishga ulgurgan. Ichki ishlar vaziri Loran Nuns esa talonchilik yetti daqiqa davom etganini bildirgan.
Fransiyaning madaniy qadriyatlar noqonuniy savdosiga qarshi kurash bo‘linmasi sobiq xodimi Korinn Shartrelga ko‘ra, o‘g‘irlangan zargarlik buyumlari Antverpen kabi xalqaro olmos savdo markazlariga yetkazilishi ehtimoli yuqori. U yerda bunday buyumlarning kelib chiqishi bilan uncha qiziqmaydigan shaxslar topilishi mumkin.
Art Recovery International asoschisi Kristofer Marinello esa olmos va oltin qismlarga ajratilib, eritilishi mumkinligini, bu ularning kelib chiqishini yashirishi va muzeyga qaytarish imkoniyatini deyarli imkonsiz qilishini ta’kidlagan. Uning aytishicha, zargarlik buyumlari qaytarilish ko‘rsatkichi boshqa san’at asarlariga nisbatan ancha past.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiya hukumatini keskin tanqid qilib, Luvr muzeyidan buyumlar o‘g‘irlanishini mamlakatning tanazzuli bilan bog‘lagandi. Shuningdek, u o‘g‘irlangan buyumlarni sotib olib, Abu-Dabidagi Luvr muzeyiga qo‘ymoqchi ekanini ham ochiqlagan.
Live
Barchasi