Lutfulla Sa’dullayev hamon jonlantirish bo‘limida qolayotgani aytildi
Madaniyat-san’at
−
07 aprel 2022
13215Xabaringiz bor, joriy yilning 4 aprel kuni O‘zbek teatr va kino san’atining yirik namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Lutfulla Sa’dullayev kasallik sabab og‘ir ahvolda shifoxonaning Jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan edi. Uning kenja qizi Muqaddas Sa’dullayeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali otasining oyoqqa turishi uchun duo qilayotganlarga rahmat aytib, jonlantirish bo‘limidagi otasining sog‘lig‘i haqida yig‘lab gapirdi.
“Adajonim haqqiga duoda, yaxshi niyatda bo‘layotgan odamlardan Alloh rozi bo‘lsin. Alloh ikki barobar qilib yaxshi niyatlarni o‘ziga qaytarsin. Hech kim negativ, yomon xayolga bormayapti, yomon yozmayapti. Lekin mabodo “Shunday vaziyatda ham video, rasm qo‘yish ko‘ngliga sig‘yaptimi?”, degan xayolga boradigan odamlar ham bo‘lishi mumkin. Shunaqa o‘ylaydigan odamlar uchun bir narsani aytmoqchiman: 2017 yil ham adamning ahvollari juda og‘ir bo‘lgan. Juda ham og‘ir ahvolda reanimatsiya yotganlarida, avvalo Yaratgan egam va sizlarning duoingiz bilan adajonim yana oyoqqa turib, hayotga qaytganlar. Shuning uchun sizlarni ikkinchi oilamdek yaxshi ko‘raman. Sizlar ham bo‘layotgan hodisalardan boxabar bo‘lib turinglar, deb videolar joylab turibman. Iltimos, duodan to‘xtamang. InshaAlloh yaxshi niyatda yaxshilikdan umidvormiz. Sog‘ayib ketadilar, deb niyat qilyapmiz. Qo‘llab-quvvatlayotganlarga mingdan ming rahmat aytaman”, deydi Sa’dullayeva.
Ma’lumot uchun, Lutfulla Sa’dullayev 1940 yil 18 dekabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1965 yil Toshkent teatr va rassomchilik san’at institutini tugatgan. 1963 – 2007 yillarda Yosh tomoshabinlar, Abdulla Qahhor nomidagi Satira teatrlarida aktyor bo‘lib faoliyat ko‘rsatgan. Hozirgi kunda Abdulla Qahhor nomidagi Satira teatrlarida ijod qilib kelmoqda.
Faoliyati davomida 200 ga yaqin spektakllarda bir-biridan esda qolarli rollar ijro etgan. Kino va videofilmlar, televizion miniatyuralar dasturida ijro etgan rollari esa 500 dan ortiqdir. 1968 yilda hamkasbi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayeva bilan turmush qurgan aktyor – bugun 3 farzandning otasi.
Lutfulla Sa’dullayev uzoq yillik ijodiy faoliyatida davomida o‘z hayoti va ijodidan hikoya qiluvchi, ustozlari, marhum hamkasblari haqidagi xotiralari jamlangan “Qismat”, “O‘kinch”, “Meni kechir...” nomli kitoblarini nashrdan chiqargan.
Eslatib o‘tamiz, Lutfulla Sa’dullayevning to‘ng‘ich kuyovi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Fathulla Ma’sudov 2020 yilning 30 avgust kuni koronavirus sabab vafot etgan edi.
LiveBarchasi