Gulchehra Sa’dullayeva insultga chalindi
Madaniyat-san’at
−
30 aprel
20250Taniqli o‘zbek aktrisasi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Gulchehra Sa’dullayeva insultni boshdan o‘tkazdi. Bu haqda uning qizi, aktrisa Muqaddas Sa’dullayeva o‘zining Instagram sahifasi orqali xabar berdi.
QALAMPIR.UZ aktrisaning ahvoli haqida ma’lumot olish uchun uning to‘ng‘ich qizi Gulira’no Ma’sudova bilan bog‘landi. Suhbatda Ma’sudova voqea 26 aprel kuni sodir bo‘lganini aytdi.
“Juma kuni og‘rib qoldilar. Insult tashxisi qo‘yildi. O‘sha kuni menga telefon qilgandilar. “Tushimda otangni ko‘rdim. 3 ta buket gul ko‘tarib kelibdilar. Gulchehra, kelyapsanmi, deb so‘radi otang”, dedilar va u yog‘ini ayta olmadilar. Men esa onamni tinchlantirish uchun o‘sha 3 ta buket biz, 3 ta farzandingizmiz, hech bunday narsalarni o‘ylamang, dedim. Doim “dadang”, “dadangni sog‘indim” derdilar”, dedi Gulira’no Ma’sudova.
Shundan so‘ng aktrisaning ahvoli yomonlashgan. Tez yordam yetib borgan va Sa’dullayevani shifoxonaga olib ketgan. Ma’sudovaning bildirishicha, aktrisa bundan avval ham 2 marta infarkt, 1 marta insultni boshdan kechirgan. Hozir esa uning ahvoli ancha yaxshi.
“(Onam) ancha yaxshilar. Reanimatsiyadan chiqdilar. Xavf ortda qoldi. Palataga chiqarishdi. Juda qo‘rqib ketdik. Lekin hozir yaxshilar”, dedi Gulira’no Ma’sudova.
Ma’lum qilinishicha, aktrisa 5 may kuni qizi Muqaddas Sa’dullayeva, kuyovi Yigitali Mamajonov hamda uning onasi bilan Umra ziyoratiga borishi kerak edi. Ammo kutilmagan hodisa sabab ziyorat noma’lum muddatga kechiktirildi.
Ma’lumot uchun, Gulchehra Sa’dullayeva 1950 yil 12 aprelda tug‘ilgan. 1969 yilda suratga olingan "O‘tgan kunlar" filmidagi Zaynab obrazi aktrisaga shuhrat olib kelgan. U taniqli aktyor Lutfulla Sa’dullayev bilan turmush qurgan. Juftlikning 3 nafar farzandi bor. Ulardan biri Gulira’no Ma’sudova taniqli aktyor Fathulla Ma’sudov bilan turmush qurgan. Kichik qizi Muqaddas Sa’dullayeva ham Yigitali Mamajonov bilan oila qurgan. Gulchehra Sa’dullayevaning turmush o‘rtog‘i Lutfulla Sa’dullayev 2022 yili vafot etgan. Kuyovi Fathulla Ma’sudov 2020 yili dunyodan ko‘z yumgan.
LiveBarchasi