O‘zbekistonliklarning qaysi kasallikka chalinishdan ko‘proq qo‘rqishi ma’lum bo‘ldi
Salomatlik
−
20 Sentabr 2023
8956O‘zbekiston fuqarolari Yevropa va Qozog‘istonning o‘rtacha aholisiga qaraganda, nevrologik kasalliklardan ko‘proq xavotirga tushadi. Bu haqda sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha eng nufuzli tadqiqot hisoblangan STADA Health Report 2023 hisobotida qayd etilgan.
2022 yildan boshlab 10 yil ichida ilk marotaba O‘zbekistonni o‘z tadqiqotlariga qo‘shishni boshlagan STADA tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, so‘rovnomalarda har bir mamlakatdan 2000 ga yaqin odam qatnashgan bo‘lib, jami 18 yoshdan 99 yosh oralig‘ida bo‘lgan 32 013 respondent ishtirok etgan.
O‘zbekistonlik respondentlarning aksariyat qismi esa nevrologik kasalliklarga chalinishdan qo‘rqishini bildirgan. Bunda 23 foizi Parkinson kasalligi, 22 foizi Деменцияни qayd etgan.
Yevropa davlatlari, Qozog‘iston va o‘zbekistonlik respondentlarning taxminan har ikkitadan bittasi (45 foiz) saraton xavfini birinchi o‘ringa qo‘yadi. Ularning 79 foizi esa saratonni eng ko‘p xavotirlantiradigan 3 ta kasallik qatoriga kiritgan. Masalan, o‘zbekistonliklarning 20 foizi ushbu kasallikka chalinishdan qo‘rqadi.
Shuningdek, garchi dunyoda har oltinchi o‘limga sabab bo‘lsa ham, atigi 16 foiz o‘zbeklar asosiy qo‘rquv sifatida yurak xurujini ko‘rsatgan.
Qolaversa, atigi 8 foiz o‘zbekistonlik respondentlar insultni boshdan kechirishdan tashvishlanishini bildirgan. Qo‘shni Qozog‘istonda esa bu kasallikdan qo‘rqadiganlar 22 foizni tashkil qiladi.
Alomatlari deyarli har qanday yoshda paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan Demans, Alsgeymer va Parkinson kabi yosh bilan bog‘liq kasalliklar qo‘rquv shkalasi bo‘yicha ancha pastda turibdi. Masalan, Yevropada o‘rtacha 9 foiz, Qozog‘istonda 6 foiz va O‘zbekistonda esa 11 foiz odamlar Alsgeymer kasalligidan ko‘proq qo‘rqishadi. Italiyada bu ko‘rsatkich 13 foiz, Fransiyada 14 foiz va Ispaniyada 16 foizni tashkil qilgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2017 yil 20 iyun kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi aholisiga 2017-2021 yillarda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida respublikada nevrologiya, travmatologiya va ortopediya, neyroxirurgiya, bolalar kasalliklari sohasidagi salohiyat yaxshi rivojlanmagani aytilgan edi.