Dunyoda har yili insultdan necha kishi vafot etadi?
Bu qiziq
−
29 Oktabr 2021
4682Har yili 29 oktyabr kuni butun dunyoda Butunjahon insultga qarshi kurash kuni (World Stroke Day) nishonlanadi. Bu kun 2006 yilda Butunjahon insultga qarshi kurash tashkiloti tomonidan ushbu kasallikka qarshi global kurashda shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirish maqsadida tashkil etilgan.
Ammo bugungi kunda nishonlanadigan sananing tarixi 2004 yilda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti insultni global epidemiya deb e’lon qilgan paytdan boshlangan.
Bugungi kunda Butunjahon insultga qarshi kurash tashkiloti 3,5 mingdan ortiq individual a’zolarni va 85 mamlakatdan 60 dan ortiq tashkilotni o‘z ichiga oladi. Bular insultga qarshi kurashuvchi olimlar, ilmiy tashkilotlar va jamiyatlardir.
Insult — miya qon aylanishining o‘tkir buzilishi bo‘lib, bu kasallik o‘choqli yoki umumiy nevrologik belgilarning paydo bo‘lishi bilan tavsiflanadi. Insultni qo‘zg‘atishi mumkin bo‘lgan omillar yuqori qon bosimi, qandli diabet, xolesterin darajasining yuqoriligi, semizlik, jismoniy harakatsizlik, chekish va spirtli ichimliklarni haddan tashqari ko‘p iste’mol qilishdir.
Ushbu kasallik dunyoda o‘lim va nogironlikning asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda. JSST ma’lumotlariga ko‘ra, har yili dunyoda insultdan 6,7 million kishi vafot etadi. Qon tomir kasalliklari o‘limning yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. Insult, asosan, 55-60 yoshdan oshgan bemorlarda sodir bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bunday holatlarning uchdan bir qismi mehnatga layoqatli yoshdagi (25-50 yosh) odamlarda uchraydi.
O‘lim sababi sifatida u yurak ishemik kasalligi va saratondan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Bu kasallikdan o‘lim darajasi har 100 ming kishiga 175 nafarni tashkil qiladi.
Milliy insult registriga ko‘ra, kasallikka chalinganlarning 31 foizi yordamga muhtoj, 20 foizi o‘zi yura olmaydi va tirik qolganlarning faqat sakkiz foizi avvalgi ishlariga qaytishi mumkin.
Insultni oldini olishning eng muhim usullaridan biri barcha makro va mikroelementlarni hisobga olgan holda yaxshi ovqatlanishdir. Ko‘pincha, insult xavfi ratsionni sozlash orqali sezilarli darajada kamayishi mumkin.
Butun dunyoda kasallanishning o‘sishi muammosini hal qilishda profilaktika choralari katta ahamiyatga ega. Ularning aksariyati Butunjahon insultga qarshi kurash kuniga to‘g‘ri keladi.
Zero, kun doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar va kampaniyalarning asosiy vazifasi insult muammosi, birinchi tibbiy yordamni to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rsatishning ahamiyati va, albatta, profilaktika choralari haqida jahon hamjamiyatini, ayniqsa, yoshlarni xabardor qilishdan iborat.
LiveBarchasi