“Lukoyl”da ikki yil ichida to‘rtinchi top-menejer vafot etdi
Olam
−
14 mart
6572“Lukoyl” kompaniyasi vitse-prezidenti Vitaliy Robertus 54 yoshida vafot etdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar qildi.
"U bizning xotiramizda iqtidorli rahbar, ko‘p qirrali shaxs, jonkuyar o‘rtoq bo‘lib qoladi", deyiladi “Lukoyl” saytidagi press-relizda.
Kompaniya top-menejerning o‘limi sabablari va sharoitlarini oshkor qilmagan.
Kompaniya matbuot xizmatining qo‘shimcha qilishicha, Vitaliy Robertusning karerasi faqat “Lukoyl” bilan bog‘liq. U Moskva aviatsiya institutida o‘qigandan so‘ng kompaniyaga kelib qo‘shilgan. Robertus kompaniyada iqtisodchi sifatida ishlay boshlagan va 30 yildan ortiq vaqt mobaynida kompaniyaning menejeri va vitse-prezidenti lavozimiga yetgan.
Bundan tashqari, Robertus samolyot modeli sportchisi bo‘lgan. Kompaniya veb-saytiga ko‘ra, u bir necha bor samolyot modellashtirish bo‘yicha Rossiya va jahon chempioni bo‘lgan. Shuningdek, Robertus yuzdan ortiq uchuvchisiz uchish apparatlarini loyihalashtirib, sinovdan o‘tkazgan.
“Lukoyl” top-menejerlarining o‘limi
Vitaliy Robertus so‘nggi ikki yil ichida vafot etgan “Lukoyl”ning to‘rtinchi top-menejeridir. 2023 yil oktyabr oyi oxirida kompaniya direktorlar kengashi raisi Vladimir Nekrasov 66 yoshida vafot etgandi. Shifokorlar xulosasiga ko‘ra, uning o‘limiga o‘tkir yurak yetishmovchiligi sabab bo‘lgan.
Vladimir Nekrasov 2022 yilning kuzida “Lukoyl” direktorlar kengashining avvalgi rahbari Ravil Maganov vafotidan keyin direktorlar kengashi rahbari etib saylangan edi.
2022 yil 1 sentyabr kuni 67 yoshli Maganov Moskvadagi Markaziy klinik shifoxonadagi xona derazasidan o‘zini tashlashi oqibatida vafot etgan. “Lukoyl” matbuot xizmati esa top-menejer "og‘ir kasallikdan keyin" vafot etganini bildirgan.
2022 yil may oyida 44 yoshida “Lukoyl” boshqaruvining sobiq a’zosi Aleksandr Subbotin vafot etgan. U Moskva yaqinidagi xususiy uyning yerto‘lasida o‘lik holda topilgan. O‘limning rasmiy sababi o‘tkir yurak yetishmovchiligi sifatida ko‘rsatilgan.
LiveBarchasi