Lukashenkoning tanqidchisi tergov hibsxonasida vafot etdi

Olam

image

Joriy yilning 9 aprel kuni zaxiradagi podpolkovnik, siyosiy mahbus va tadbirkor Aleksandr Kulinich Belarusning Brest shahridagi tergov hibsxonasida vafot etdi. Bu haqda “Zerkalo” xabar berdi.

Belarus Oliy sudi veb saytida yozilishicha, Kulinich 16 aprelda Jinoyat kodeksining 368-moddasi 1-qismi ("Belarus Respublikasi Prezidentini haqorat qilish") bo‘yicha sudga tortilishi kerak edi. Mahbus sud jarayoniga 1 hafta, 52 yoshga to‘lishiga esa 2 kun qolganida yurak ishemik kasalligidan vafot etgan.  

Aniqlanishicha, Kulinich 29 fevral kuni Brestda Aleksandr Lukashenkoni haqorat qilganlikda ayblanib, hibsga olingan. Shuningdek, u Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzga, xususan, Belarusning unda ishtirok etishiga qarshi chiqqani va Ukraina Qurolli kuchlari tomonida jang qilayotgan ko‘ngillilarni qo‘llab-quvvatlagani ta’kidlangan. 

“Sota” Telegram-kanalining yozishicha, 2020 yil Belarusda ommaviy qatag‘onlar boshlanganidan beri mamlakat qamoqxonalarida kamida 9 nafar siyosiy mahbus vafot etgan, Kulinich esa ularning o‘ninchisi bo‘ldi. 

Xabarlarga ko‘ra, Aleksandr Kulinichning jasadi allaqachon qarindoshlariga topshirilgan. U bugun, 11 aprel – tug‘ilgan kunida Molodechnoda dafn etiladi.

Ma’lumot uchun, Aleksandr Kulinich 1972 yil 11 aprelda Belarusning Molodechno shahrida dunyoga kelgan. U Brest havo-desant kuchlari brigadasida xizmat qilgan. Kulinich ozuqaviy qo‘shimchalar bilan shug‘ullanadigan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ham faoliyat olib borgan.

Komila Latipova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Belarus' Aleksandr Lukashenko Aleksandr Kulinich

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing