Lukashenkoning muxoliflariga qarshi yirik jinoiy ish ochildi
Olam
−
08 Oktabr
5348Belarus Tergov qo‘mitasi Aleksandr Lukashenkoning muxoliflariga qarshi yangi yirik jinoiy ish ochdi. Bu haqda bugun, 8 oktyabr kuni qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Gumonlanuvchilar ro‘yxatida 45 kishi bor. Ular 2025 yilda Belarusdagi saylovlarni buzish rejasini ishlab chiqishga urinishda ayblanmoqda.
Ish joriy yilning avgust oyida Litva poytaxti Vilnyusda bo‘lib o‘tgan “Yangi Belarus” konferensiyasida Belarus demokratik kuchlari tomonidan qabul qilingan “Platforma - 2025” hujjati yuzasidan qo‘zg‘atilgan.
Hujjatda qayd etilishicha, Lukashenko “jinoiy ravishda hokimiyatni saqlab qolgan, Belarus davlat tuzilmalari saylovlar o‘tkazish uchun qonuniy emas va “Platforma 2025”ning asosiy vazifalari siyosiy mahbuslarni ozod qilish va Belarusdagi repressiyalarni tugatish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iboratdir”.
“Platforma 2025” konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish, ichki ishlarga chetdan aralashish, mamlakatimizning milliy manfaatlariga zid siyosiy yo‘nalishni joriy etish, axborotga buzg‘unchi ta’sir ko‘rsatish, saylovoldi tashviqotini obro‘sizlantirish yoki buzish, keskinlik va qarama-qarshilikni kuchaytirish maqsadida yaratilgan”, deb da’vo qilmoqda qo‘mita.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirlar Belarus Respublikasining xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazish uchun uyushtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Litva hukumati Aleksandr Lukashenko tomonidan belaruslarga qarshi sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish uchun materiallarni Gaagadagi Xalqaro jinoiy sud (XJS) prokuroriga rasman topshirgandi. Rasmiy Vilnyusga ko‘ra, 2020 yil 1 maydan shu kungacha Belarusning yuqori lavozimli siyosatchilari va harbiy amaldorlari ko‘rsatmasi bilan Belarusning tinch aholisiga qarshi insoniyatga qarshi jinoyatlar, jumladan deportatsiyalar, ta’qiblar va boshqa g‘ayriinsoniy harakatlar sodir etildi, deb hisoblash uchun asoslar mavjud.
Boltiqbo‘yi mamlakati rasmiylari, shuningdek, ushbu jinoyatlarning elementlari Belarus tomonidan Litva hududida sodir etilganligini, buning natijasida bunday jinoyatlar XJS yurisdiksiyasiga kirganligini ta’kidladi.
Litvaning XJSga shikoyat qilish qarori Belarus muxolifati tomonidan olqishlangandi.
LiveBarchasi