Lukashenko va Putinning ashaddiy dushmanlari Tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi

Olam

image

Bu yilgi Tinchlik uchun Nobel mukofoti Rossiya, Belarus va Ukraina huquq faollari – "Memorial" Rossiya inson huquqlari jamiyati, Ukraina fuqarolik erkinliklari markazi jamoat tashkiloti va "Vesna" Belarus inson huquqlari markazi asoschisi Ales Belyatskiyga nasib etdi. Mukofot birdaniga uch nomzodga topshirildi. Bu haqda Nobel qo‘mitasi xabar berdi. 

"Tinchlik mukofoti sovrindorlari o‘z mamlakatlaridagi fuqarolik jamiyati vakillari bo‘lib, yillar davomida ular hokimiyatni tanqid qilish va fuqarolarning asosiy huquqlarini himoya qilish huquqini ilgari surdi. Ular urush jinoyatlari, inson huquqlarining buzilishi va hokimiyatni suiiste’mol qilish holatlarini hujjatlashtirish bo‘yicha ulkan sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Ular birgalikda tinchlik va demokratiya uchun fuqarolik jamiyatining muhimligini namoyish etadilar", deyiladi qo‘mita bayonotida.

Ales Belyatskiy 1980-yillarning o‘rtalarida Belarusda paydo bo‘lgan demokratik harakatning tashabbuskorlaridan biri edi. “U o‘z hayotini o‘z mamlakatida demokratiya va tinch taraqqiyotni rivojlantirishga bag‘ishladi”, deb yozadi Nobel qo‘mitasi. 1996 yilda Byalyatskiy munozarali konstitutsiyaviy tuzatishlarga javoban "Vesna" tashkilotiga asos solgan, qo‘mitaning ta’kidlashicha, "prezidentga diktatorlik vakolatlari berilgan va ommaviy namoyishlarga sabab bo‘lgan". 

"Hokimiyat bir necha bor Ales Belyatskiyning ovozini o‘chirishga uringan. U 2011 yildan 2014 yilgacha qamoqda edi. 2020 yilda rejimga qarshi keng ko‘lamli namoyishlardan so‘ng u yana hibsga olindi. U sudsiz hibsda qolmoqda. Katta shaxsiy qiyinchiliklarga qaramay, Belyatskiy Belarusda inson huquqlari va demokratiya uchun kurashda bir dyuym ham ortga chekinmadi", deydi qo‘mita. 

Qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan "Memorial" ishi

“Memorial” inson huquqlari tashkiloti 1987 yilda kommunistik tuzum qurbonlari xotirasini saqlash maqsadida tashkil etilgan. Uning asoschilari orasida tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori Andrey Saxarov va huquq himoyachisi Svetlana Gannushkina bor. SSSR parchalanganidan keyin "Memorial" Rossiyadagi eng yirik inson huquqlari tashkilotiga aylandi. U Rossiyadagi siyosiy repressiyalar va inson huquqlarining buzilishi haqida ma’lumot to‘pladi va tizimlashtirdi. 

Qo‘mita xabarida "Memorial"ning Chechen urushlari davridagi faoliyati alohida qayd etilgan. "Memorial" Rossiya va rossiyaparast kuchlar tomonidan tinch aholiga nisbatan sodir etilgan suiiste’mollik va harbiy jinoyatlar haqida ma’lumot to‘pladi va tasdiqladi. 2009 yilda ushbu ish tufayli "Memorial" Checheniston bo‘limi rahbari Natalya Estemirova o‘ldirilgan", deb eslaydi qo‘mita. 

"Tashkilot militarizmga qarshi kurash, inson huquqlari va qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning boshida", deya ta’kidlaydi qo‘mita. 2021 yil dekabr oyida Rossiyada sud "Memorial"ni majburan tugatish va uni yopishga qaror qildi. 

Fuqarolik erkinliklari markazining Ukrainaga bostirib kirish davridagi faoliyati

Fuqarolik erkinliklari markazi 2007 yilda Kiyevda "Ukrainada inson huquqlari va demokratiyani ilgari surish" maqsadida tashkil etilgan.

“Markaz Ukraina fuqarolik jamiyatini mustahkamlash va Ukrainani to‘laqonli demokratik davlatga, huquqiy davlatga aylantirish uchun hokimiyatga bosim o‘tkazish bo‘yicha pozitsiyani egalladi”, deyiladi qo‘mita xabarida. 

"Rossiyaning 2022 yil fevralida Ukrainaga bostirib kirishidan so‘ng, Fuqarolik erkinliklari markazi Rossiyaning Ukraina tinch aholisiga qarshi urush jinoyatlarini aniqlash va hujjatlashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni amalga oshirdi. Xalqaro hamkorlar bilan hamkorlikda markaz jinoyat sodir etgan shaxslarni javobgarlikka tortishda ilg‘or rol o‘ynamoqda", deyiladi xabarda. 


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' mukofoti Ales' Belyatskiy

Baholaganlar

78

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing