Iqtisodiyot bo‘yicha Nobel ayollar mehnat bozorini o‘rgangan olimaga berildi 

Olam

image

Amerikalik Klaudiya Goldin 2023 yilda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritdi. Bu haqda bugun, 9 oktyabr kuni Nobel qo‘mitasi ma’lum qildi. 

Bildirilishicha, u ayollarning mehnat bozoridagi ahvoli haqidagi tadqiqoti uchun ushbu mukofotga loyiq ko‘rilgan.

"Arxivlarni saralash va tarixiy ma’lumotlarni to‘plash va tuzatish orqali Goldin yangi va ko‘pincha hayratlanarli faktlarni taqdim etishga muvaffaq bo‘ldi. U o‘z tahlilida ayollarning tanlovi ko‘pincha nikoh, uy va oila uchun mas’uliyat bilan chegaralangan va cheklanganligini isbotlay oldi", deyiladi Nobel qo‘mitasi xabarida.

Goldin 200 yildan ortiq ma’lumotlarni to‘plab, ayollarning daromadlari va o‘sha vaqtdagi mehnat bozoridagi ishtiroki to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berib, daromad va bandlik darajasidagi gender farqlari qanday va nima uchun o‘zgarganini tahlil qildi. Uning tadqiqotlari mehnat bozoridagi doimiy gender tafovutining sabablarini tushuntiradi. Goldinning fikricha, tug‘ilishni nazorat qilish tabletkalaridan foydalanish mehnat bozorida muhim rol o‘ynagan va ayollarga karerasida o‘sish imkoniyatini bergan. 

"Ayollarning mehnat bozoridagi rolini tushunish jamiyat uchun muhim. Klaudiya Goldinning kashshof tadqiqotlari tufayli biz endi asosiy omillar va kelajakda qanday to‘siqlarni bartaraf etish kerakligi haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘ldik", deydi iqtisodiyot fanlari bo‘yicha qo‘mita mukofotlari raisi Yakob Svensson.

Ma’lumot uchun, Klaudiya Goldin 1946 yilda Nyu-Yorkda tug‘ilgan. U falsafa doktori, Garvard universiteti professori sanaladi.

Iqtisodiyot bo‘yicha mukofot fiziologiya va tibbiyot, kimyo, fizika, adabiyot va tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotlaridan farqli o‘laroq, Alfred Nobelning o‘zi emas, balki 1968 yilda Shvetsiya Milliy banki tomonidan ta’sis etilgan. Iqtisodiyot bo‘yicha joriy mukofot 1969 yildan beri 55-marta beriladi.

2023 yilgi Nobel mukofoti laureatlari 

O‘tgan haftada qolgan beshta Nobel mukofoti sovrindorlari ma’lum bo‘ldi. Eronlik huquq faoli Nargis Muhammadiy Tinchlik mukofoti bilan taqdirlandi. Adabiyot mukofoti norvegiyalik yozuvchi va dramaturg Yun Fossega berildi. Kimyo bo‘yicha mukofot kvant nuqtalarini kashf etgani va sintez qilgani uchun Mungi Bavendi, Luis Brus va Aleksey Yekimovga berildi. Fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Per Agostini, Ferens Kraus va Ann L’Huilega "moddadagi elektronlar dinamikasini o‘rganish uchun attosekundli yorug‘lik impulslarini yaratishning eksperimental usullari uchun" berildi. Fiziologiya yoki tibbiyot bo‘yicha Nobel mukofoti Katalin Kariko va Dryu Vaysman tomonidan COVID-19 ga qarshi mRNK vaksinalarini ishlab chiqishga olib kelgan tadqiqotlari uchun berilgan.

2023 yilda Nobel mukofoti 11 million shved kronasini (1 million dollardan sal kam) tashkil qiladi. G‘oliblarga Nobel medallari va diplomlari ham topshiriladi. Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureatlari Norvegiyaning Oslo shahrida, boshqa toifadagi laureatlar esa Shvetsiyaning Stokgolm shahrida topshiriladi. Taqdirlash marosimlari 10 dekabr – Alfred Nobel vafot etgan kuni bo‘lib o‘tadi.


Maqola muallifi

Teglar

Nobel' mukofoti Klaudiya Goldin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing