Lukashenko O‘zbekistonning 3 ming yillik tarixini ifodalovchi majmua bilan tanishdi
Jamiyat
−
08 fevral
9615Rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘lib turgan Belarus rezidenti Aleksandr Lukashenko bugun, 8 fevral kuni mamlakat Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida “Yangi O‘zbekiston” bog‘iga borib, Mustaqillik monumenti poyiga gul qo‘ydi. Bu haqda Bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.
Lukashenko majmua me’moriy yechimlari hamda kompozitsiyasining mazmun-mohiyati va xususiyatlari bilan batafsil tanishgan.
“Vatanimizning 3 ming yillik tarixida yuz bergan eng muhim voqealarni o‘zida ifoda etgan ushbu majmua Belarus delegatsiyasida katta taassurot qoldirdi”, deydi Bosh vazir matbuot kotibi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan mehmonlarning Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari bilan bunyod etilgan mazkur muhtasham majmua bilan tanishuvi an’anaga aylangan.
“Pul Pervogo” kanalining yozishicha, Lukashenkoning “Yangi O‘zbekiston” bog‘idan keyingi manzili Ko‘ksaroy bo‘lgan. U yerda rasmiy kutib olish marosimi va ikki tomonlama muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 7 fevral kuni Lukashenko O‘zbekistonga kelgan, uni Toshkent xalqaro aeroportida Bosh vazir Abdulla Aripov kutib olgandi. Shundan so‘ng Prezident Mirziyoyev Lukashenko bilan birga xokkey o‘yinini tomosha qilishga “Humo Arena” muz saroyiga bordi. U yerda oliy martabali mehmonlarga ularning ismlari tushirilgan xokkey kiyimi topshirildi.
LiveBarchasi