Lukashenko Trampning odami bilan uchrashdi (video)

Olam

image

Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko Minskdagi Mustaqillik saroyida AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg bilan uchrashdi. Bu haqda BelTA xabar berdi.

18 iyun kuni “Reuters” Kelloggning yaqin kunlarda Lukashenko bilan uchrashish rejalari haqida yozgandi. Agentlik manbalariga ko‘ra, Oq uy rahbarining maxsus vakili Ukraina mojarosini tartibga solishni muhokama qilmoqchi.

Lukashenko va Kellogg o‘rtasidagi muzokaralar kun tartibiga xalqaro muammolar va dunyodagi umumiy vaziyat, mintaqaviy muammolar hamda Belarus-Amerika munosabatlari kiritilgan. Shu tariqa Kellogg so‘nggi yillarda Belarusga borgan AQSHning eng yuqori lavozimli rasmiysi bo‘ldi. Manbalarning ta’kidlashicha, Kellogg shaxsiy suhbatlarda ushbu tashrifni Rossiyaning Ukrainadagi urushiga barham berishga qaratilgan tinchlik muzokaralarini qayta jonlantirishdagi ehtimoliy qadam sifatida ko‘rsatgan.

2020 yilda, Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida, Davlat kotibi Mayk Pompeo Belarusga borgan edi. Ushbu tashrif o‘shanda so‘nggi 20 yil ichidagi AQSH tomonidan Belarusga amalga oshirilgan eng yuqori darajali tashrif bo‘lgan. Bu tashrif Tramp ma’muriyatining Minsk bilan munosabatlarni yaxshilashga qaratilgan kampaniyasi doirasida amalga oshirilgan.

Ammo Trampdan keyingi prezident Jo Bayden 2020 yilgi Belarus saylovlarini xalqaro kuzatuvchilar erkin va adolatli deb topmaganidan so‘ng siyosatni to‘liq o‘zgartirdi. Ushbu saylovlar ortidan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi va ular kuch bilan bostirildi. Shundan so‘ng Belarus G‘arb davlatlari tomonidan deyarli butunlay yakkalab qo‘yildi.

AQSH o‘z elchixonasining faoliyatini 2022 yilda to‘xtatdi, chunki Belarus Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishini qo‘llab-quvvatlayotgani aniq bo‘lib qoldi.

Shu bilan birga, Trampning ikkinchi prezidentlik muddati davrida ma’muriyat Belarus bilan amaliy munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga urinishni qayta boshladi.

AQSH rasmiylaridan biri “Reuters”ga ma’lum qilishicha, Tramp ma’muriyati ichki muhokamalarda Belarusni Moskva ta’siridan chiqarib, hech bo‘lmaganda ma’lum darajada Vashington ta’siri doirasiga tortish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqan.

2025 yil fevralda Davlat departamentining yordamchi kotibi o‘rinbosari Kristofer Smit va yana ikki rasmiy Belarusga borib, uch nafar siyosiy mahbusni ozod etish uchun muzokara o‘tkazgan.

“The New York Times” nashrining xabar berishicha, Smit ushbu tashrifni AQSH sanksiyalarini yumshatish evaziga siyosiy mahbuslarni ommaviy ozod qilish bo‘yicha ehtimoliy kelishuvning dastlabki qadami deb tasvirlagan.

Yana bir AQSHning yuqori martabali rasmiysiga ko‘ra, 30 aprel kuni Belarus tomonidan 47 yoshli Amerika fuqarosi Yuras Zyankovichning ozod qilinishini Lukashenko Vashington bilan munosabatlarni yaxshilashni istayotganidan dalolat deb baholagan.

Shu bilan birga, G‘arb diplomatlari AQSHning Belarusni o‘ziga og‘dirish bo‘yicha harakatlariga nisbatan shubha bilan qaramoqda. Belarus hozir ham Rossiyaning yaqin ittifoqchisi hisoblanadi va u bilan chuqur iqtisodiy aloqalarga ega.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp Aleksandr Lukashenko Kit Kellogg Belarus'-Amerika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing