Lukashenko kasalligi haqida xabarlardan so‘ng ilk bor ko‘rinish berdi
Olam
−
15 may 2023
8324Bugun, 15 may kuni Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko mamlakat Harbiy havo kuchlari va havo hujumidan mudofaa kuchlari markaziy qo‘mondonlik punktiga bordi. Tegishli surat uning matbuot xizmatiga yaqin “Pul Pervogo” Telegram-kanalida e’lon qilindi.
Matbuot xizmatining xabar berishicha, bugun Lukashenko Havo kuchlari va Havo hujumidan mudofaa kuchlari markaziy qo‘mondonlik punktida ishlagan, havo hujumidan mudofaa bo‘yicha jangovar navbatchilik vazifalarini tashkil etish va bajarish bo‘yicha hisobotni tinglagan.
“Pul Pervogo” Telegram-kanalida e’lon qilingan suratda Lukashenkoning chap qo‘li bog‘langanini ko‘rish mumkin.
Ma’lumot uchun, Lukashenkoning sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar haqidagi xabarlar 9 mayda, u G‘alaba bayrami munosabati bilan Moskvadagi paradda so‘nggi marta omma oldida chiqish qilganidan so‘ng paydo bo‘lgan. Paraddan keyin Lukashenko Kreml mezbonlik qilgan xorijiy davlat rahbarlarining nonushtasida qatnashmagan. Shu kuni u Minskka yetib borgan va G‘alaba maydonidagi yodgorlik poyiga gul qo‘ygan. Biroq, u nutq so‘zlamagan va buni Mudofaa vaziri Viktor Xrenin amalga oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 14 may kuni Lukashenko Belarus bayrog‘i, gerbi va madhiyasi kunidagi marosimni o‘tkazib yuborgandi. Bugun, 15 may kuni esa uning operatsiya qilingani haqida xabarlar tarqaldi.
LiveBarchasi