Lukashenko qamatgan Kolesnikova og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizildi
Olam
−
30 noyabr 2022
5333Belarusdagi norozilik harakati yetakchilaridan biri, hibsda saqlanayotgan Mariya Kolesnikova Gomel shahridagi klinikaning reanimatsiya bo‘limiga yotqizildi. Kolesnikovaning shifoxonaga yotqizilishi sabablari noma’lum. Bu haqda kecha, 29 noyabr qamoqdagi belaruslik siyosatchi Viktor Babarikoning Telegram kanali xabar berdi.
“Reuters” agentligi Kolesnikovaning qayerdaligini hozircha mustaqil ravishda tasdiqlay olmadi. Xabarda aytilishicha, u 28 noyabr kuni shifoxonaga olib ketilgan.
Keyinroq Kolesnikovaning singlisi Tatyana Xomich o‘zining Facebook’ida muxolifatchi jarrohlik patologiyasi bilan shifoxonaga olib ketilgani va 28 noyabr kuni operatsiya qilingani haqida ma’lum qildi.
“Dahshatli yangilik. Bizning aziz Masha (Mariya), barchamiz siz bilan hamma narsa yaxshi bo‘lishiga umid qilamiz!” deb yozdi Belarus muxolifatining surgundagi yetakchisi Svetlana Tixanovskaya Telegram’da.
2020 yilda Lukashenkoga qarshi ommaviy namoyishlar yetakchilaridan biri bo‘lgan Kolesnikova tartibsizliklarda ishtirok etish bo‘yicha soxta ayblovlar qo‘yilib, 11 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda. 40 yoshli Kolesnikova yaqinda qamoqxonaning jazo kamerasida ushlab turilgan, biroq qancha vaqt jazo kamerasida bo‘lgani noma’lum.
Kolesnikova Babariko 2020 yilgi prezidentlik saylovlarida Lukashenkoga qarshi kurashmoqchi bo‘lganida uning prezidentlik kampaniyasini boshqargan.
Saylovlar arafasida Babariko hibsga olinganidan so‘ng, Kolesnikova Tixanovskayani qo‘llab-quvvatladi.