Lukashenko aytgan yangi Konstitutsiya loyihasi tayyor bo‘ldi
Olam
−
04 noyabr 2021
4078Belarus Konstitutsiyasining yangi tahriri Respublika Prezidenti Aleksandr Lukashenkoga taqdim etildi. Bu haqda “BelTA” axborot agentligi xabar berdi.
“Men Konstitutsiyaning so‘nggi tahririni oldim. Bugun mamlakatimiz uchun o‘tkir va muhim mavzular haqida gaplashishga harakat qilamiz”, deya Prezidentning so‘zlarini keltirgan agentlik.
Lukashenkoning ta’kidlashicha, Konstitutsiyaviy komissiya “ma’lum hajmdagi ishlarni amalga oshirdi, o‘z variantlarini taklif qildi va hozirda bir guruh mutaxassislar ushbu Konstitutsiyani sayqallash ustida ishlamoqda”.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar tayyorlash bilan bog‘liq fundamental masalalarni ishlab chiqish zarur. Ulardan asosiylari — Butunbelarus Xalq Assambleyasining rolini mustahkamlash, davlat hokimiyati organlari o‘rtasida vakolatlarni qayta taqsimlash, davlat apparati muvozanatini saqlash va boshqalar.
“O‘ylashimcha, ishchi guruhning yana bir yig‘ilishi kerak bo‘ladi, so‘ng va’da qilganimizdek, variantni Konstitutsiyaviy komissiyaga taqdim etamiz”, degan davlat rahbari.
Kelgusida asosiy qonun loyihasining jamoatchilik muhokamasi o‘tkaziladi, Konstitutsiyaning yakuniy tahriri 2022 yil fevral oyining oxiriga rejalashtirilgan Respublika referendumiga kiritiladi.
Ma’lumot o‘rnida, Belarusda 2020 yil 9 avgustda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovidan keyin boshlangan norozilik namoyishlari fonida Lukashenko Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritish zarurati va Prezident vakolatlarining bir qismini hokimiyatning boshqa tarmoqlari foydasiga qayta taqsimlashga tayyorligini ma’lum qilgandi. Konstitutsiyaviy sud raisi va Konstitutsiyaviy komissiya rahbari Petr Miklashevichning so‘zlariga ko‘ra, asosiy qonunning 53-moddasiga o‘zgartirishlar kiritish va 14 ta yangi moddani qo‘shish taklif qilinmoqda.
LiveBarchasi