Lukashenko hokimiyatga tirmashib olgan – Karim Bahriyev

Intervyu

Xalqda avval gapga, so‘ng gapirgan odamga qara, degan naql bor. Belarus Respublikasi fuqarosi Aleksandr Lukashenkoning O‘zbekiston haqida aytganlari kishi yodiga soladi. Taniqli jurnalist Karim Bahriyev ham Aleksadr Lukashenko haqida shu fikrda. U QALAMPIR.UZ bilan suhbatda quyidagi fikrlarni ilgari surdi. 

“Imom Buxoriy hadislarni yozayotganida, hadisni kim aytganiga juda katta e’tibor berganlar. Har bir narsada nima haqida gap ketganidan tashqari, kim buni aytgani ham juda muhim ahamiyatga ega. Lukashenko kim? O‘zingiz aytganingizdek, bir davlatda 28 yildan buyon o‘tiribdi. U o‘z paytida “Lukashenko ikki muddatdan ortiq hokimiyatda o‘tirmaydi”, deb intervyu bergan ekan. U hokimiyatga tirmashib olgan va hukumatda uzoq vaqt o‘tirib qolgan. Bu borada xalqining noroziliklari ham yuzga chiqqan va bu noroziliklar oylab davom etgan. Eng qizig‘i, o‘zi ham “Bu chetdan bo‘lyapti, G‘arb tomonidan moliyalashtirilyapti, shular uyushtiryapti”, deya bir bahona bilan hokimiyatda qolgan odam. U o‘z tajribasini Qozog‘istonga tiqishtirgan bo‘lishi mumkin”, deydi Karim Bahriyev.

Lukashenko Qozog‘istondagi voqealardan avval O‘zbekiston saboq chiqarishi kerakligi, bu saboqlar olinmasa, o‘zidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ularning (ekstremistlar – tahr.) diqqati O‘zbekistonga qaratilishini aytdi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi? Dars chiqaradigan O‘zbekistonmi yoki 28 yildan buyon hokimiyatda qolayotganlar, namoyishlarini qurol bilan tindirayotganlarmi?

Umuman olganda, Qozog‘istondek mintaqada yuqori o‘ringa ega bo‘lgan mamlakatni kim bu kunga yetakladi? Ikki boshlilik siyosati emasmi? 

“Bu yerda ularning hokimiyatda uzoq o‘tirgani, qavm-qarindoshlari hokimiyatning asosiy joylarini egallagani, millatning boyligini o‘zlari o‘zlashtirganidan norozi xalq bor. Lekin, O‘zbekistondagi holat boshqa. O‘zbekistonning uzoq boshqargan rahbari vafot etdi. O‘zbekistonga yangi rahbar keldi. Islohotlar boshlangan. Albatta, bu islohotlar birmuncha qiyinchiliklar bilan amalga oshadi. Tafakkurning, islohotlarning o‘zgarishi oson emas. Hozir bizning xalqimizda ko‘tarinkilik, katta bir umid bor bo‘lgan payt. Agarda bu holatlar xalqaro terrorizm va G‘arbdan uyushtiriladigan bo‘lsa, buni O‘zbekistonda uyushtirish oson emas. Muammolar bizda ham yetarli va ularni yechishda qat’iyat bor. Avvallari Rossiya ham nimadir gapni aytmoqchi bo‘lsa, "Falon joyni qo‘shib olish kerak, falon qilish kerak", deb Jirinovskiyga ayttirar edi. Menimcha, Jirinovskiy haddan ziyod ko‘p ishlatilib, uning gapida vazn qolmadi. Shuning uchun endi Lukashenkoni ishga solishga o‘tishgan.

Bu holat mamlakatning suverenitetiga va mustaqilligiga ma’lum bir ma’noda tahdid bo‘lib, xalqimizni  mamlakatdagi barqarorlik atrofida ozmi-ko‘pmi birlashtirdi ham. O‘zbekistonning harbiy doktrinasi qabul qilingan. Va unda "O‘zbekiston hech bir harbiy blokka kirmaydi, kerak bo‘lsa NATOga ham", deb e’lon qilingan”, deydi Karim Bahriyev.

Jurnalist Karim Bahriyev bilan suhbatni yuqoridagi videopleyerda yoki QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Aleksandr Lukashenko

Baholaganlar

203

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing