Lukashenko harbiylarga belarusliklarga qarata o‘q uzishga ruxsat berdi
Olam
−
06 fevral
23190Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko mamlakat Qurolli kuchlari ichki xizmati nizomiga harbiylar fuqarolarga qarshi qurol ishlatish huquqini olishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritdi. Tegishli qaror rasmiy platformada e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, Qurolli kuchlar ichki xizmati nizomining 11-moddasiga o‘zgartirish kiritildi.
“Harbiy xizmatchilar o‘zlariga yuklatilgan vazifalarni bajarishda mavjud vaziyat, jinoyatning xususiyati, ma’muriy huquqbuzarlik va huquqbuzarning shaxsini hisobga olgan holda qurol ishlatish huquqiga ega”, deyiladi nizomning yangi tahririda.
Hujjatga ko‘ra, harbiy qurol ishlatishdan oldin fuqaroni aniq va ravshan ogohlantirishi, qoidabuzarga belgilangan talablarni bajarish uchun yetarli vaqt berishi kerak. Biroq harbiylarning o‘zi yoki boshqa fuqarolarning hayotiga xavf tug‘diradigan, shuningdek, boshqa og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan hollar bundan mustasno.
Quroldan foydalanish oqibatida fuqaroning jarohatlanishi yoki o‘limi to‘g‘risida darhol tegishli prokurorga, shuningdek dastlabki tergov organiga xabar beriladi. Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar umumiy harbiy nizom talablariga muvofiq harakat qilgan bo‘lsa, yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi.
Ma’lumot uchun, ilgari 11-moddada “Harbiy xizmatchilarning jismoniy kuch, maxsus vosita, qurol-yarog‘, harbiy va maxsus texnikani o‘z vakolatlari doirasidan tashqarida qo‘llashi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi”, deb belgilangandi.
Ulkanbayeva Rayhona
LiveBarchasi