Luganskda kuchli portlashlar bo‘ldi. Rossiya va Ukraina nima deyapti?

Olam

image

Kecha, 18 fevral kuni kechqurun Ukraina sharqidagi Lugansk viloyatida kuchli portlash yuz berdi. TASSning “Luganskinformsentr” agentligi ma’lumotlariga tayanib yozishicha, gaz quvuri portlagan. 

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, alangalanish manbai “Gorizont” zavodi hududida joylashgan. Ba’zi malumotlarga ko‘ra, 2-Belomorskaya ko‘chasi yaqinidagi gaz taqsimlash blokida avariya sodir bo‘lgan. Voqea joyiga tez yordam brigadalari jo‘natilgan. 

“19 fevral kuni soat 00:10 da Malaya Vergunka tumani yaqinidagi gaz quvurida kuchli yong‘in sodir bo‘lgani haqida qo‘ng‘iroqlar kela boshladi, “Luganskgaz” DUK tezkor guruhlari voqea joyiga yetib keldi”, deyiladi xabarda. 

Ikkinchi portlash 

Keyinchalik yana bir portlash haqida ma’lum bo‘lgan. Bu haqda Donbassdagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha aloqa guruhining siyosiy kichik guruhidagi tan olinmagan Lugansk xalq respublikasi vakili Rodion Miroshnik e’lon qilgan.

“Luganskda yana portlash yuz berdi!” deb yozgan u o‘zining Telegram kanalida. 

U ikkinchi portlash shaharning Kamennobrodskiy tumanida sodir bo‘lganini aytib, “bu allaqachon seriya ekanligini” iddao qilgan. 

Keyinroq “Luganskgaz” davlat unitar korxonasi matbuot xizmati ikkinchi portlash taxminan soat 00:40 da sodir bo‘lganini, voqea joyiga tez yordam guruhlari yetib borganini ma’lum qilgan. 

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash yoqilg‘i quyish shoxobchasida sodir bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, LXR Favqulodda vaziyatlar vazirligi gaz quvuridagi yong‘inni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan, portlash sabablari o‘rganilmoqda. 

Kompaniya bosh direktori Tatyana Bogorodko Luganskda shanbaga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan har ikkala portlashni qo‘poruvchilik deb atagan. 

“Ikkala portlashning ham sababi qo‘poruvchilikdir”, degan Bogorodko. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday xulosa gaz quvurining “zarar xususiyatini baholashdan” keyin qilingan. “Luganskgaz” xabariga ko‘ra, “hozirda 95 ta abonent gaz ta’minoti tizimidan vaqtinchalik uzilgan”. 

Uchinchi portlash 

Shanbaga o‘tar kechasi Luganskdagi gaz quvuri kamida uchta joyda portlagan. Bu haqda LXR kuch tuzilmalaridagi manba ma’lum qilgan. 

“Kamida uchta portlash sodir bo‘ldi. Malaya Vergunka hududidagi Frunze ko‘chasida gaz quvuri ikki joyda portlab ketgan. Taxminan yarim soat o‘tgach, Kamennobrodskiy tumanidagi Veselogorovskaya ko‘chasida portlash sodir bo‘ldi”, degan manba. 

Ukraina manbasiga ko‘ra, portlash faktini Lugansk aholisi tasdiqlagan, ammo ular nima portlaganiga javob bera olmagan. 

Ukrainaning beshinchi Prezidenti Pyotr Poroshenko Luganskda “Drujba” quvuri yonayotgani va bu uni kimdir yoqib yuborganini anglatishini aytgan. Poroshenkoning so‘zlariga ko‘ra, agar ma’lumotlar rost bo‘lsa, bu ishg‘ol qilingan hududda uyushtirilgan provokatsiyadir.


Maqola muallifi

Teglar

portlash Lugansk

Baholaganlar

477

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing