Los-Anjelesdagi yong‘inlar sababchisi qo‘lga olindi

Olam

image

AQSHning Los-Anjeles politsiyasi o‘rmon yong‘inlariga sabab bo‘lganlikda gumon qilinayotgan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda  huquq-tartibot idoralariga tayanib “NewsNation” telekanali xabar berdi.

“Los-Anjeles politsiya departamenti “NewsNation” telekanaliga “Kennet” yong‘ini ishi endi qasddan yong‘in chiqarganlik ishi sifatida tergov qilinayotganini va bir kishining hibsga olinganini tasdiqladi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, gumonlanuvchini qo‘lga olishda mahalliy aholi yordam bergan. Okrug prokurori Neytan Xoxmanning so‘zlariga ko‘ra, aybdor umrbod ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Ma’lumot uchun, joriy hafta o‘rtasida Los-Anjeles okrugini o‘rmon yong‘inlar qamrab oldi va bu ofat mintaqa tarixidagi eng vayronkorlardan biri sifatida baholanmoqda. Masalan, Altadena hududida o‘n ming gektardan ortiq yer yonmoqda va bu taxminan 13 mingta binoga xavf solmoqda. Vaziyatni kuchli shamollar yanada og‘irlashtirmoqda, bu aviatsiyani qo‘llashga xalaqit beryapti, shuningdek, Paliseyds hududidagi yong‘in gidrantlari ishlamay qolgan. Minglab uylar vayron bo‘lgan.

Ofat qurbonlari soni kamida o‘n kishini tashkil etmoqda. Los-Anjelesda minglab aholini majburiy evakuatsiya qilish buyruqlari berilgan. Shu bilan birga, okrug yong‘in xizmati rahbari mavjud resurslar atigi bir yoki ikkita yirik yong‘in bilan kurashishga mo‘ljallanganini tan oldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq suzish bo‘yicha 5 karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Garri Xoll-Junior Los-Anjelesdagi tabiiy ofat vaqtida o‘z uyidan va medallaridan ayrilgani xabar qilingandi. Bundan tashqari, o‘rmon yong‘inlari tufayli Gollivud aktyorlari Entoni Xopkins, Adam Brodi, Anna Feris va boshqa ko‘plab mashhurlar o‘z uylarini yo‘qotdi.

 


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Los-Anjeles

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing