Los-Anjelesdagi o‘rmon yong‘inlarida 8 kishi halok bo‘ldi
Olam
−
10 yanvar
1425AQSHning Kaliforniya shtati Los-Anjeles shahri g‘arbida kuzatilayotgan o‘rmon yong‘inlari oqibatida sakkiz kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda mahalliy hukumat vakillariga tayanib, CNN telekanali xabar berdi.
Los-Anjeles yong‘in xavfsizligi boshlig‘i Kristin Krouli Paliseyds hududida ikki kishining halok bo‘lganini ma’lum qilgan. Ushbu hudud deyarli to‘liq yong‘in ichida qolgan. Avvalroq esa oltita qurbon haqida xabar berilgan. Mahalliy hukumat vakillari qurbonlar soni ortishi mumkinligini ta’kidlab, bu yong‘inlarni shahar tarixidagi eng vayronkor hodisalar deb atamoqda. Los-Anjeles yong‘in xavfsizligi xizmati boshlig‘i Entoni Marrone yong‘in oqibatida kamida 4 mingta bino vayron bo‘lganini ma’lum qilgan. Okrug ma’muriyati rahbari Ketrin Barger talonchilikda gumon qilingan 20 kishining hibsga olinganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7 yanvar kuni Janubiy Kaliforniyada o‘rmon yong‘inlari boshlangandi. Shtat yong‘in xavfsizligi xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, Los-Anjeles shahri hududida yong‘inlar maydoni 11 ming gektarga yetgan. Nufuzli Pasifik Paliseyds tumani hududida yong‘inlar maydoni 63,9 kvadrat kilometrni tashkil qilmoqda.
AQSH Prezidenti Jo Bayden shtatda keng ko‘lamli ofat rejimini e’lon qilgan. Gollivud yaqinidagi hududlardan aholining evakuatsiyasi boshlangan – 180 mingdan ortiq odam o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lgan. JPMorgan Chase yong‘inlar keltirgan moddiy zarar miqdorini 50 milliard dollarga baholamoqda.
LiveBarchasi