Indoneziyada o‘rmon yong‘inlari sabab samolyotlar parvozi to‘xtab qoldi (video)

Olam

image

Indoneziyaning Kalimantan orolida o‘rmon yong‘inlari tufayli qalin tutun tarqalib, ko‘rish masofasi 1 kilometrdan kamaygani va havo qatnoviga jiddiy xalaqit bermoqda. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.

 

Qayd etilishicha, G‘arbiy Kalimantan provinsiyasidagi Pontianak shahri bir necha kundan buyon qalin oq-sarg‘ish tutun ostida qolgan. Tutun sababli ko‘rish masofasi 1 kilometrdan ham qisqargan. Bu holat samolyotlar parvoziga ham ta’sir ko‘rsatgan. G‘arbiy Kalimantanda tutun va ko‘rish masofasi cheklangani tufayli aviaqatnovlar bir necha kundan buyon izdan chiqmoqda.

Yong‘inlar oqibatida havoning sifati ham keskin yomonlashgan. Mahalliy aholi tutun tez orada tarqalib, sog‘liq uchun xavf tug‘dirmaydigan holatga qaytishiga umid qilmoqda.

Indoneziya O‘rmon xo‘jaligi vazirligi kecha, 14 sentyabr kuni bergan ma’lumotga ko‘ra, Markaziy va G‘arbiy Kalimantan hududlarida ofat bilan bog‘liq ekani yuqori ehtimol bilan baholangan “issiq nuqtalar” soni sezilarli kamaygan. Riau provinsiyasida esa bunday nuqtalar qayd etilmagan.

Shu bilan birga, Kalimantanning ayrim hududlarida yong‘inlar hamon davom etmoqda. Indoneziya Milliy ofatlarni boshqarish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, ayniqsa G‘arbiy va Markaziy Kalimantan provinsiyalarida yong‘inlar kuzatilmoqda.

O‘rmon xo‘jaligi vazirligining hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yilning yanvar-iyul oylarida Indoneziyada 202 ming gektardan ortiq yer maydoni alanga oqibatida zarar ko‘rgan. Bu hudud Singapur maydonidan qariyb uch baravar katta. Tutun qo‘shni mamlakatlarga ham tarqalgan. U Kalimantandan 800 kilometrdan ortiq masofadagi Filippingacha yetib borgan.

Malayziyaning Borneo orolidagi Saravak shtatida esa havo ifloslanishi favqulodda darajaga yetgani sababli mahalliy hokimiyat favqulodda holat e’lon qilgan.

Havo ifloslanishi Indoneziyaning Sumatra orolining ayrim hududlariga ham ta’sir ko‘rsatgan. Shu sababli mamlakat bo‘ylab 1,4 milliondan ortiq o‘quvchiga ta’lim jarayonini maktablarda davom ettirish vaqtincha to‘xtatilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiyaning Antaliya va Adana viloyatlarida o‘rmon yong‘inlari keng hududlarga tarqalib, minglab fuqarolar xavfsiz joylarga evakuatsiya qilingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing