Londondagi jang va yashirin favoritlar to‘qnashuvi. Bugun YeCHL o‘yinlari qaytadi

Sport

image

Bugun, 8 aprel kuni Yevropa Chempionlar ligasi chorak finalidan o‘rin olgan ikki o‘yin, “Arsenal”-“Real”, “Bavariya”-“Inter” bahslari o‘tkaziladi.

Londondagi markaziy o‘yin

Muxlis va mutaxassislar tomonidan chorak final bosqichi juftliklari orasida eng markaziysi, deb qaralayotgan bahsda “Arsenal” o‘z uyida “Real Madrid”ni mehmon qiladi. Ushbu o‘yinga ikkala jamoa ham biroz yomonroq kayfiyatda kelmoqda. Sababi, “Arsenal” APL doirasida oxirgi o‘yinda “Everton” bilan durang qayd etgan bo‘lsa, “Real Madrid” La Liga doirasida o‘z uyida “Velensiya”ga qarshi o‘ynab, so‘nggi daqiqalarda o‘tkazib yuborilgan gol evaziga 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. Bu bilan madridliklar asosiy raqobatchisi “Barselona” bilan oradagi farqni 4 tagacha oshirib yubordi. Ushbu bahsni “kanonirlar” safida Kay Xavers, Gabriyel Jezus, Mikel Merino, Tomiyasu kabi futbolchilar jarohat sabab o‘tkazib yuboradi. “Qirollik klubi”da esa Lunin, Sebalos, Karvaxal, Mendi kabi futbolchilar Londondagi uchrashuvni o‘tkazib yuborishi mumkinligi qayd etilgan. Yo‘qotishlar ko‘pligi va birinchi o‘yinligiga qaramasdan uchrashuv qiziqarli tus olishi kutilmoqda. Chunki ikkala jamoa ham asosiy e’tiborini aynan Yevropa Chempionlar ligasiga qaratgan. “Arsenal” - “Real Madrid” o‘rtasidagi o‘yin Toshkent vaqti bilan 9 aprelga o‘tar kechasi 00:00 da start oladi.

Yashirin favoritlar to‘qnashuvi

Muxlis va mutaxassislar tomonidan Yevropa Chempionlar ligasi g‘olib bo‘lish uchun yashirin favroritlar qatorida ko‘rilgan ikki klub “Bavariya” va “Inter” bugun Myunxenda to‘qnash keladi. Ikkala jamoa ushbu o‘yinga yaxshi kayfiyatda kelmoqda. “Bavariya” Bundesliga doirasida “Augsburg”ni mag‘lub etib, chempionlik tomon ildamlamoqda. “Inter” esa “Parma” mehmoni bo‘lib, 2:2 hisobida durang o‘ynadi, ammo A Seriya eng yaqin ta’qibchisi “Napoli”dan 3 ochko oldinda. “Bavariya” safida Devis, Upamekano, Koman, Musiala, Noyer va Keyn jarohat sabab, bahsni o‘tkazib yuborishi mumkin. “Inter”da esa Zelinskiy, Taremi, Dyumfris va Asslani ushbu o‘yinni o‘tkazib yuborishi mumkin. Nom jihatidan olib qaralganda “Bavariya”ning yo‘qotishlari jiddiyroq ko‘rinmoqda. Ammo myunxenliklarda yo‘qotishlarni o‘rnini bosadigan futbolchilar talaygina topiladi. Shunga qaramasdan “Bavariya” ushbu o‘yinda favorit maqomini yo‘qotmadi. “Bavariya” hujumkor futbol taklif etsa, “Inter” biroz tejamkor, ammo qarshi hujumlardan qochmaydigan jamoa. Xullas, Myunxendagi bahs ham muxlislarni zeriktirib qo‘ymaydi.

Taxminiy tarkiblar 

“Opta” portali bugungi ikkala o‘yin uchun taxminiy tarkiblarni e’lon qildi.

“Arsenal” tarkibi:

Rayya, Uayt, Saliba, Kivior, Kelli, Parti, Edegor, Rays, Martinelli, Merino, Saka.

“Real Madrid” tarkibi:

Kurtua, Valverde, Ryudeger, Asensio, Fran, Modrich, Kamavinga, Bellingem, Vinisius, Rodrigo, Mbappe.

“Bavariya” tarkibi:

Urbig, Laymer, Dayer, Kim, Stanishich, Kimmix, Goretska, Olise, Myuller, Sane, Keyn.

“Inter” tarkibi:

Zommer, Pavar, Acherbi, Bastoni, Darmian, Frattezi. Chalxano‘g‘lu, Mxitaryan, Dimarko, Lautaro, Tyuram.

Ushbu o‘yin 9 aprelga o‘tar kechasi  00:00 da start oladi.


Maqola muallifi

Teglar

Arsenal Evropa Chempionlar ligasi Bavariya Inter Real Madrid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing