London aeroportida portlash sodir bo‘ldi. Toshkentdan reyslar bekor qilindi (video)

Olam

image

Londondagi Hitrou aeroporti yaqinidagi elektr stansiyasi portlab, yong‘in yuz bergani sababli vaqtincha yopildi. Bu haqda “Sky News” xabar berdi.

Aeroport ma’muriyati yaqin kunlarda jiddiy uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirgan. Shuningdek, yo‘lovchilarga rasman qayta ochilgani e’lon qilinmaguncha aeroportga kelmaslik tavsiya etilgan.

“Sky News” ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in aeroportdan 2,4 km uzoqlikda sodir bo‘lgan. Bir necha mingta binoda elektr ta’minoti uzilgan. Yong‘inni o‘chirishga 10 ta texnika va 70 ga yaqin o‘t o‘chiruvchi jalb qilingan. Taxminan 150 kishi evakuatsiya qilingan.

Hitrouga qo‘nayotgan 120 dan ortiq samolyot yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lgan. Ushbu aeroport Yevropaning eng yirik havo bandargohi hisoblanadi.

Hozirda elektr ta’minotisiz qolganlar soni 16 ming kishiga yetgan. Hitrou aeroporti vakili ushbu yong‘in oqibatida aeroportda elektr energiyasining jiddiy uzilishi yuz berganini ma’lum qildi.

“Biz yaqin kunlarda aeroport ishida jiddiy uzilishlar bo‘lishini kutmoqdamiz. Yo‘lovchilarga aeroport qayta ochilmaguncha u yerga kelmaslikni qat’iyan tavsiya qilamiz”, deyiladi aeroport ma’muriyati bayonotida.

“Sky News” Flightradar24 ma’lumotlariga tayanib, kamida 120 ta parvoz yo‘nalishini o‘zgartirishga majbur bo‘lganini ham qo‘shimcha qilgan. Ushbu reyslar allaqachon havoda bo‘lgan va Hitrou aeroportiga yo‘l olgan.

Mazkur hodisa tufayli faqat bugun, 21 mart kuni Uzbekistan Airways ning Toshkent-London (Hitrou) – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY201/202 reyslari bekor qilingan.

Yuqoridagi reyslar yo‘lovchilarining chiptalari 23 martdan boshlab Toshkent – London (Gatvik) – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha HY203/204 reyslarida qayta bron qilinadi. Shuningdek, yo‘lovchilar iltimosiga ko‘ra aviachiptalar uchun pulni qaytarish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning Kolorado shtatidagi Denver aeroportida 172 nafar yo‘lovchisi bor American Airlines aviakompaniyasiga tegishli yo‘lovchi samolyoti yonib ketgan edi. Yo‘lovchilar va 6 nafar ekipaj a’zosi muvaffaqiyatli evakuatsiya qilinib, aeroport binosiga olib o‘tilgan.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in aeroport London Hitrou

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing