Lola yangi klipini siyosiylashtirmaslikka chaqirdi

Madaniyat-san’at

image

Bir necha kun avval “Nihol” mukofoti sovrindori Lola Yo‘ldoshevaning klipi ijtimoiy tarmoqlarni portlatgan edi. Ko‘p vaqt ijoddan uzilgan xonanda “Sevgingni ayt menga” qo‘shig‘i va unga ishlangan klip bilan qaytish qildi. E’tiborlisi shundaki, klip shunchaki shou-biznesning navbatdagi mahsuli emas, balki so‘z erkinligi, byurokratiya va jamiyatdagi taqiqlarga qarshi boykot sifatida qabul qilindi. 

Ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan va o‘zbek jamiyatidagi ayrim holatlarni o‘zida aks ettirgan ushbu videoklip haqida Lola Yo‘ldosheva ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida shunday deydi:

“Men ijodkorman. Men san’at bilan shug‘ullanaman, san’at esa hayotning ko‘zgusi. Men o‘z ijodimda turli mavzularni ko‘taraman: ijtimoiy, hayotiy, ba’zan kundalik turmush, va buni rostgo‘ylik bilan bajarishga harakat qilaman.

Biz o‘zgarishlar davrida yashayapmiz, odamlar nihoyat erkin nafas olib, 5 yil oldin, hatto, o‘ylashga qo‘rqilgan mavzular bo‘yicha o‘z fikrlarini ochiqchasiga ifoda eta oladilar.

Bu safar biz satirik video tayyorladik, unda hazil va shama bilan ijoddagi cheklovlar va byurokratiya mavzusiga to‘xtaldik.

Men san’at odamiman va shuning uchun bunday provokatsiyalarga faqat yagona sharh berishim mumkin: Men O‘zbekiston fuqarosiman, o‘z Vatanimni sevaman, uning odamlarini yaxshi ko‘raman va qilgan barcha harakatlarim mening sevgim va uning kelajagiga befarq emaslikning ifodasidir!"

Ma’lumot o‘rnida, mazkur klip davlat idoralari rahbarlarigacha yetib borgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Elmira Bositxonova kuni kecha o‘tgan matbuot anjumanida ushbu klip haqida fikrini bildirgan.

"Kuni kecha Lola Yo‘ldoshevaning klipi chiqdi. U "O‘zbekkonsert"ning litsenziya olib, berish tartibini balki to‘g‘ri tanqid qilgandir. Lekin atlasni masxaraboz kiyimi qilgani, ma’naviyat so‘zini o‘yinchoq qilib qo‘ygani — bu yigirma beshinchi kadr. Afsuski, buni yana ijtimoiy tarmoqda ko‘pchilik qo‘llab-quvvatlagan. Ana shunday holatlarda boshlang‘ich tashkilotlarning faol bo‘lishi esa juda ham muhim", degan xotin-qizlar yetakchisi. 


Maqola muallifi

Teglar

Lola Yo'ldosheva

Baholaganlar

178

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing