“Qachongacha bunaqa yashash mumkin?” San Jay karantin natija bermay qo‘yganini aytyapti
Madaniyat-san’at
−
28 iyul 2020
28442Xonanda San Jay (Sanjar Javberdiyev) 4,5 oydan beri davom etayotgan karantin odamlarni qiynab yuborganini aytib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat yo‘lladi.
Xonanda hozirgidek tushunarsiz karantin cheklovlariga norozilik bildirgan. U aholi besh kun ko‘chada yurib, ikki kunda uyda qolishi koronavirus zanjirini qanday qilib to‘xtatishini tushunolmay, izoh so‘ragan.
“Meni hozirgi murojaatim xalqimiz rahbariyatiga, Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga. Men oxirgi vaqtlarda bir narsani tushunmayapman. Besh kun ko‘chada yurib, ikki kun eshikni yopib olamiz, ko‘chaga chiqish mumkin emas, taksilar yurmaydi, hech nima qilib bo‘lmaydi. Uyda o‘tirish kerak.
Menga bir narsani tushuntirib beringlar. Qanday qilib besh kun virusni ichida yurib, ikki kun uyda o‘tirib virusdan ozod bo‘lishimiz mumkin. Men virusolog emasman. Lekin oddiy narsa bu. "Logika" qayerda, bormi? Men Hukumatga qarshi emasman, yangiliklar ko‘p. Shavkat Miromonovichga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, deydi xonanda.
U karantin qilish kerak bo‘lsa, hamma uyda qolishi kerakligini, faqatgina maxsus xizmatlar avtomobillari harakatlanishiga ruxsat berish kerakligini tavsiya qilgan. U shifoxonadagi ahvol ham achinarli ekanini qo‘shimcha qilgan.
“Kecha ota-onamni shifoxonaga yotqizdik. Bilasizlarmi, shifoxonada hatto harorat o‘lchagich yo‘q. Nima degan gap bu? Qaytarib uyga olib keldik, uyda davolayapmiz. Menimcha bu umuman noto‘g‘ri narsalar. Biz hozir to‘liq hammani karantinga yopishimiz, stikerni ham olib tashlash kerak. Kecha ko‘chaga chiqdim mashinalar xohlaganicha yuribdi. Faqatgina “pojarnik, militsiya va tez yordam yurishi kerak. Agar o‘zini yakkalash desak, qolganlarga nima bor ko‘chada? Hamma uyda o‘tirishi kerak, ko‘chaga ham chiqish mumkin emas. O‘shanda “rezultat” bo‘lishi mumkin. Lekin besh kun ko‘chada yurib, ikki kun uyda o‘tirgandan foyda yo‘q. Bu mening fikrim, balki adashayotgandirman”,
Iltimos, biz ham Yevropa davlatlariga qarab yashaylik. Ularda yo‘q-ku besh kun ko‘chada yurib, ikki kun uyda o‘tirish degan narsa. Taksini yopib qo‘yish degan narsa. Nima uchun bizda bor? Har doim xalqqa yomon bo‘lishini xohlaymiz. Xalqni ham bir o‘ylanglar sizlar, iltimos. Hech kimga pul bermayasizlar, hech kimga pul ajratilmayapti. Xalq o‘zi ko‘chada harakatini qilsin. Men hech kimga qarshi emasman, shaxsiy fikrimni bildiryapman”, deydi boshqa davlatlarda vaziyat o‘nglanganini aytib.
U Prezidentga murojaat qilib, davlat rahbaridan shunday qarorlar chiqarilayotganda taklif kiritganlardan uning qanday foydasi borligini so‘rashni iltimos qilgan.
“Kerak emas, bunaqa besh kun ko‘chada yurib, ikki kun yopib qo‘yish. 100 foiz hech qanday foydasi yo‘q. Shavkat Miromonovich iltimos, siz juda aqlli va dono insonsiz. Men ishonaman bunday qonunlar sizning g‘oyangiz emas. Ular shunday qonun chiqarayotganda “qanday asos bilan, ular ikki kun uyda o‘tirganda virus kamayishiga qanday kafolat bor”, deb so‘rash mumkin-ku. Men bugun statistikani ko‘rdim. Kasallanish bo‘yicha Toshkentda yana rekord.
Ikki kun uyda o‘tirgandan qanday foyda bo‘ldi? Hech qanday. Men kecha ko‘rdim ba’zi odamlar niqobsiz juda yaqin ishlayapti. Biz nima haqida gapiryapmiz. Menimcha, karantin tizimini butkul bekor qilish kerak. Kimning immuniteti bo‘lsa qoladi, yo‘qlar ketadi. Hammasi Allohdan. Olaman desa olib ketyapti. 33 yoshli, 75, 85 yoshlini ham. Lekin hayotni biroz yumshataylik, odamlarga nafas olishga beraylik. Restoranlar ishlamasa, to‘ylar bo‘lmasa, hech qanday xursandchilik bo‘lmasa qanaqa hayot bu? Qachongacha bunaqa yashash mumkin?”, deya karantin odamlarni har tomonlama holdan toydirganini aytgan.
San Jay koronavirus tarqalishi bo‘yicha dunyoda yetakchilik qilayotgan Amerikada ham odamlar bemalol yurganini aytib, og‘ir ahvoldagi fuqarolarga yordam berish kerakligini eslatib o‘tgan.
“Nega Rossiyada hammasi joyida? Nimaga Yevropada, eng ko‘p kasal bo‘lgan Amerikada odamlar normal yashab yuribdi? Menga hech narsa kerakmas davlatdan, Xudoga shukr kunimni ko‘rib yuribman. Juda ko‘p qiynalgan odamlar bor. Ularni o‘ylash kerak? Ko‘chaga chiqib, harakat qilib, nonini topadigan odamlarni o‘ylash kerak”, deydi jon kuydirib.
Xonanda virusologlardan 2 kun uyda qolganda virus qanday qilib kamayishini tushuntirib berishini talab qilgan va bot-bot o‘zining shaxsiy fikri ekanini eslatib o‘tgan.
“Besh kun ko‘chada yurib, ikki kun uyda qolgandan hech qanday foyda yo‘q. yoki virusologlar televideniyega chiqib, bandma-band tushuntirib bersin: qanday qilib 2 kun uyda o‘tirganda virus kamayishi mumkin? Meni boshqa gapim yo‘q.
Men tushundim soqol uchun sahnaga chiqolmayman, ijod ham qilolmayman. Bo‘lganim bo‘lgan. Baribir menga sahnaga ham, televideniyega chiqishga ham hech qanaqa ruxsat yo‘q. Lekin men xalq uchun shu narsalarni aytishim kerak”, deya xayrlashgan xonanda.
LiveBarchasi