“Liverpul”ning Frankfurtga safarida texnik nosozlik yuz berdi
Sport
−
22 Oktabr 2025 1497 2 daqiqa
“Liverpul”ning Chempionlar ligasi doirasida “Ayntraxt”ga qarshi o‘yini oldidan jiddiy safar muammosi yuz berdi. Klub samolyotidagi texnik nosozlik tufayli jamoaning Germaniyaga parvozi deyarli to‘rt soatga kechiktirildi. Bu haqda “The Guardian” nashri xabar berdi.
Arne Slot boshchiligidagi jamoa 21 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 16:00 da Liverpulning Jon Lennon aeroportidan uchishi kerak edi. Biroq ketma-ket kechikishlar tufayli futbolchilar aeroportdagi shaxsiy terminalda uzoq kutishga majbur bo‘ldi. Samolyot soat 19:51 da havoga ko‘tarildi va Frankfurt aeroportiga mahalliy vaqt bilan 23:00 da yetib borgan. Kechikish sababli “Liverpul”ning o‘yindan oldingi matbuot anjumani bekor qilindi.
“Frankfurtning “Ayntraxt” klubiga qarshi o‘yindan oldingi matbuot anjumani samolyotdagi texnik muammolar tufayli bekor qilindi. Kechikish sababli rejalashtirilgan ushbu tadbirni o‘tkazishning imkoni bo‘lmadi”, deyiladi klub rasmiy bayonotida.
UEFA qoidalariga ko‘ra, jamoalar o‘yindan bir kun oldin OAV majburiyatlarini bajarishi lozim. Biroq “Liverpul”ga jarima qo‘llanishi kutilmayapti, chunki kechikish klub nazoratidan tashqarida bo‘lgan.
Shuningdek, “Liverpul”ning Germaniyaga safarida yarim himoyachi Rayan Gravenberx bo‘lmagan. Futbolchi “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yinda to‘pig‘idan jarohat olgan edi, shu sababli Gravenberx ushbu o‘yinni o‘tkazib yuboradi.
Ma’lumot uchun, “Liverpul” jamoasi ketma-ket to‘rtta uchrashuvdan beri mag‘lubiyatga uchramoqda. Klub bu safar Frankfurtga qarshi o‘yinda ushbu yomon seriyani to‘xtatishni maqsad qilgan.
Live
Barchasi