“Liverpul”da murabbiy o‘zgarishi mumkin – manba
Sport
−
16 fevral 2636 1 daqiqa
Angliyaning “Liverpul” jamoasi murabbiylar shtabida o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Bu haqda insayder Nikolo Skira xabar berdi.
Jurnalistning ma’lum qilishicha, agar jamoa 2026-2027 yilgi mavsum yakunida UEFA Chempionlar ligasiga yo‘llanma ola olmasa yoki joriy mavsumni birorta sovrinsiz yakunlasa, mersisaydliklar rahbariyati bosh murabbiy Arne Slot bilan xayrlashishi mumkin.
Gollandiyalik mutaxassis o‘rnini egallash uchun asosiy da’vogarlardan biri sifatida Xabi Alonso ko‘rilmoqda. U klub rahbariyati orasida yuqori ishonchga ega nomzodlardan biri hisoblanadi.
Ma’lumot uchun, “Liverpul” ayni paytda Angliya Premer-ligasi turnir jadvalida 42 ochko bilan oltinchi o‘rinda bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Manchester Yunayted” ham amaldagi bosh murabbiy o‘rniga Germaniya terma jamoasi ustozi Yulian Nagelsmann nomzodini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi.