Livanda qozog‘istonlik ofitserlar xizmat qilmoqda
Olam
−
14 Oktabr
8219Isroil mudofaa armiyasining (SAXAL) Livan janubidagi BMT tinchlikparvar kontingenti (UNIFIL) pozitsiyalariga bostirib kirgani to‘g‘risidagi xabarlar fonida Qozog‘iston Mudofaa vazirligi Livandagi qozog‘istonlik tinchlikparvar kuchlarning holati haqida ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, Livandagi qozog‘istonlik tinchlikparvarlar, ya’ni uchta shtab ofitseri o‘z vazifalarini odatiy tartibda davom ettirmoqda. Keskin vaziyat ular xizmat qilayotgan joydan olisda sodir bo‘lyapti.
“Agar vaziyat yomonlashsa, qozog‘istonlik harbiylarni evakuatsiya qilish masalasi BMT kotibiyati va missiya rahbariyati bilan birgalikda hal qilinadi. Mudofaa vazirligi doimo ular bilan aloqada”, deyiladi vazirlik xabarida.
Ma’lumot uchun, kecha, 13 oktyabr BMTning Livandagi vaqtinchalik tinchlikparvar kuchlari o‘z boshpanalarida bo‘lgan paytda SAXALning ikki “Merkava” tanki asosiy darvozalarni buzib, BMT pozitsiyalariga kirgan. Maxsus aloqa mexanizmlari orqali bildirilgan norozilikdan keyin, taxminan 45 daqiqa o‘tgach, Isroil harbiylari ob’ektni tark etgan.
Shundan so‘ng, o‘sha pozitsiyadagi tinchlikparvar kuchlar ulardan 100 metr shimolda bir necha o‘q uzilganini xabar qilgan, oqibatda tutun paydo bo‘lgan.
“Garchi ular himoya niqoblarini taqqan bo‘lsa ham, tutun lagerga kirganidan so‘ng 15 nafar tinchlikparvar teri va oshqozon-ichak tizimidagi reaksiyalar, jumladan, iritatsiyani boshdan kechirgan”, deb xabar berdi UNIFIL.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishga murojaat qilib, Livan janubidagi UNIFIL tinchlikparvar kuchlarini hujumdan “zudlik bilan” olib chiqishni so‘ragan edi.
LiveBarchasi