Livanda Isroilning zo‘ravonligiga qarshi “g‘azab kuni” o‘tkazilmoqda
Olam
−
18 may 2021
5625Bugun, 18 may kuni Livandagi falastinlik qochqinlar lagerlarda umumiy ish tashlashni o‘tkazmoqda.
Falastinliklarning FATH harakati vakili Solih Solihning ta’kidlashicha, Livanning poytaxti Bayrut g‘arbida joylashgan Shatila lageridagi ushbu ish tashlash G‘azo sektori, Sharqiy Quddus va Iordan daryosining g‘arbiy qirg‘og‘i aholisi bilan birdamlik belgisi sifatida o‘tkazilmoqda.
“Bu harakatga dunyoning barcha burchaklaridagi falastinliklar qo‘shilishi kerak. Biz xalqimizning qatag‘on va G‘azodagi turar-joy binolarining bombardimon qilinishiga javoban “g‘azab kuni”ni o‘tkazmoqdamiz”, deydi Solih.
Uning so‘zlariga ko‘ra, namoyishchilar Bayrut shahrining g‘arbiy qismidagi Mar-Ilyos lageridan hukumat saroyi oldida joylashgan Riad Solha maydoniga qadar yuradi.
“Taraqqiyparvar jamoatchilik Falastin xalqining milliy huquqlarini himoya qilish uchun o‘z fikrlarini bildiradi va Isroil istilosining tugatilishini talab qiladi”, deydi FATH vakili.
O‘z navbatida G‘azo sektorini nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati rahbariyati a’zosi Ali Barokat “Naharnet” portaliga ma’lum qilishicha, falastinliklar Livan janubidan Isroil hududini o‘qqa tutishni rag‘batlantirmayapti.
“Biz Livan-Isroil chegarasi yaqinidagi birdamlik harakatlarini mamnuniyat bilan qabul qilamiz, ammo biz Livan tuprog‘idan raketalarni uchirishlariga muhtoj emasmiz”, deydi u.
Barokatning so‘zlariga ko‘ra, HAMAS bo‘linmalari “butun Isroil bo‘ylab nishonlarni mustaqil ravishda raketalar bilan o‘qqa tutishga qodir”.
BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda 5 milliondan ortiq falastinlik qochqin sifatida qayd etilgan. Ularning 1,5 milliondan ortig‘i Livan, Iordaniya, Suriya va G‘azo sektorida joylashgan 68 dan ortiq lagerlarda yashaydi.
Isroil-Falastin mojarosining keskinlashishi
Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.
Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.
Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning havo hujumiga qarshi “Temir gumbaz” mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.
Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqin jarohat oldi.
Xalqaro munosabat
Ta’kidlash joizki, xalqaro munosabatlarning ba’zi ishtirokchilari ushbu masalada faqat til uchida munosabat bildirgan bo‘lsa, boshqalari Isroilni hatto terrorda aybladi.
Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator islomiy davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi.
Erdo‘g‘an Falastin davlatining inqroziga bugun to‘xtalayotgani yo‘q. U avvaldan jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mavzuga qaratib kelgan. Jumladan, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi. O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan edi.
Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini ta’kidladi.
Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.
Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi. Shuningdek, Eron HAMAS tashkilotini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.
Isroilning “tutingan akasi” AQSH esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Xitoy esa bu vaziyatda Falastinning yonidan joy olishini e’lon qildi.
Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga, O‘zbekiston esa ushbu masjid daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.
LiveBarchasi