Olov ichidagi Falastin. Gitler qirgan yahudiylar va o‘z uyiga sig‘magan musulmonlar mojarosi

Tahlil

image
0:00
0:00
download

So‘nggi kunlarda o‘zbek internet segmentida Yaqin Sharqdagi keskinlik kun tartibiga chiqdi. Isroil va Falastin o‘rtasidagi ziddiyat, raketalar hujumi, shuningdek, rasmiy Tel-Avivning zo‘ravonliklari haqida xabar hamda videolavhalar OAVda ko‘plab tarqalmoqda.

Falastin zaminidan kelayotgan yangiliklar ko‘p, uning ortidan paydo bo‘layotgan savollar esa undan ham ortiq. Mojaro o‘zi nimadan boshlangan-u, ziddiyatga kirishgan tomonlar nimani talashmoqda? Kim kimga qarshi va kim qaysi tomonni qo‘llab turibdi? Quyida Falastin yerlarini bo‘lisha olmayotgan yahudiylar va arablar o‘rtasidagi kelishmovchilikning boshlanish nuqtasidan tortib to rivojlanish tarixi va joriy holatigacha batafsil ma’lumot beramiz.

Mana 70 yildan ortiq vaqt mobaynida yahudiylar va arablar bir necha bor ochiqdan-ochiq urushga kirib Falastin yerlari uchun kurashib keladi. Mavzuni davom ettirishdan oldin, Falastin yerlari deganda qaysi hududlar tushunilishini bilib olaylik. Falastin – Yaqin Sharqda joylashgan tarixiy hudud bo‘lib, u hozirgi Iordan, Isroil davlatlari, G‘azo sektori, Iordan daryosining g‘arbiy sohillari, Jo‘lon tepaliklarining bir qismini qamrab oladi.

Ushbu yerlarda dastlab kimlar yashagan, arablarmi yoki yahudiylar?

Yahudiylarning muqaddas kitobi bo‘lmish Tavrotga ko‘ra, ular bu yerlarga miloddan avvalgi 2-ming yillikda kelgan. Keyinchalik ushbu yerlarda Isroil podsholigiga asos solindi. Oradan vaqt o‘tib, bu podsholik bo‘linib ketdi. Rim imperiyasining zarbalaridan so‘ng, Isroil podsholigi butunlay quladi. Falastin yerlari esa Rimdan keyin ham bir necha davlat va imperiyalarning mustamlakasi bo‘lib keldi. Bu vaqt mobaynida yahudiylarning katta qismi Yevropa bo‘ylab yoyila boshladi. Lekin ular har vaqt Falastin yerlarini o‘zining ona vatani, Xudo tomonidan ularga hadya qilingan zamin deb hisoblagan. Shunday bo‘lsa-da, bir paytlar yahudiylarning Falastin yerlarida yashagani, bugun ularga ushbu hududga to‘laqonli egalik qilish huquqini bermaydi. Negaki insoniyat taraqqiyoti davomida turli hududlar turli davlatlar tomonidan egallanib, qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgan.

Xo‘sh, bu yerlarga arablar qachon keldi?

Asrlar mobaynida Falastin yerlari Rim imperiyasi so‘ngra, Vizantiya hamda Forslar qo‘liga o‘tdi. VII asrga kelib Arab xalifaligi bu hududlarni bosib olganidan so‘ng, arablar Falastin yerlariga ko‘chib keldi. Tarix guvohlik beradiki, Falastin yerlarida yahudiylar arablardan oldin yashab ketgan.

Yoqimsiz mehmon

Yevropada yahudiylarni tarixan xush ko‘rishmagan. Bunda diniy faktorlar asosiy rolni o‘ynadi. Yevropada hukmron bo‘lgan Xristianlik dinining muqaddas kitobi bo‘lmish Injilga ko‘ra, ushbu din markazida turuvchi Iso payg‘ambarning o‘limiga yahudiy xalqi javobgar. Yevropa bo‘ylab sochilib ketgan yahudiylar Rim imperiyasi davridan tortib Salib yurishlari vaqtida ham ta’qib qilindi.

Fashistlar Germaniyasi esa yahudiylar qirg‘inini uyushtirdi. Gitler Germaniyasi 6 millon yahudiyni turli xil o‘lim lagerlarida yo‘q qildi. Bu Yevropada yashovchi barcha yahudiylarning 2/3 qismini tashkil qilardi. Qirg‘indan oldin Germaniya bo‘ylab mamlakatning Birinchi jahon urushida mag‘lubiyatga uchrashida yahudiylarni sabab qilib ko‘rsatuvchi “pichoq bilan orqadan zarba” nomli afsona tarqaldi. Unga ko‘ra, yahudiylar Birinchi jahon urushi yillarida mamlakatdagi ichki siyosiy muhitni buzganlikda ayblanadi. Shu-shu har vaqt ta’qibda bo‘lgan yahudiylar o‘zlari uchun davlat bunyod etishni reja qilgan.

Butun dunyo yahudiylarini birlashtirish

Butun dunyo bo‘ylab sochilib ketgan yahudiylarni birlashtirish va umuman yahudiylar uchun alohida davlatga asos solish g‘oyasi Teodor Gersl nomi bilan bog‘liq. U butun dunyo bo‘ylab yahudiylarga zulm qilinayotganini ko‘rib, “Yahudiylar davlati” nomli broshyura yozdi. Gersl ushbu broshyura orqali barcha yahudiylarga Falastinda davlat qurish chaqirig‘i bilan chiqdi. Bir yildan so‘ng, u Jahon sionistik tashkilotini tuzadi. Ushbu tashkilot sionizm – yahudiylarni tarixiy vataniga (ular Falastin deb hisoblaydi) qaytarish va u yerda davlatga asos solish g‘oyasini ilgari surdi va ushbu g‘oyani hayotga tatbiq etishda katta rol o‘ynadi. Sionizmning ildizi esa Quddusdagi Sion tepaligi nomidan olingan. 

Shundan so‘ng dunyoning turli davlatlarida yashovchi boy yahudiylar millatdoshlarining Falastin yerlariga ko‘chishida yordam bera boshladi. Bunday boylar orasida Rotshildlar oilasi hamda britaniyalik yahudiy Mozes Montefiore ham bor edi. 

Falastinni sotib olish

XIX asrda Falastin yerlarida 300 mingdan oshiqroq odam yashardi. Shuning 6 mingga yaqini yahudiylar, asosiy qismi, aniqrog‘i 280 mindan oshig‘i Islomning sunniylak mazhabiga e’tiqod qiluvchi arablar bo‘lgan. Bu davrda Falastin yerlari Usmoniylar imperiyasi tarkibida edi. Ularga boy arab feodallari egalik qilardi.

Yuqorida qayd etilgan Jahon sionistik tashkilotining tarkibida 1909 yilda yahudiylarning tarixiy yerlarini egallash kompaniyasi tuzildi. Ushbu kompaniya boy arab feodallaridan Falastin yerlarini dehqonchilik uchun sotib ola boshlagan. Yerlar sotib olinganidan so‘ng, u yerda yashab, mehnat qiluvchi mahalliy aholini haydash avj oldi. Aytish mumkinki, isroil-arab mojarosining ilk ildizi mana shu nuqtaga borib taqaladi.

Isroil davlatining tuzulishi 

Yahudiylar Falastin yerlariga ko‘chib kelishni boshlaganidan so‘ng, oradan ikki Jahon urushi o‘tdi. Endilikda ushbu yerlarga Usmoniylar imperiyasi emas, Buyuk Britaniya egalik qilardi. Bu davrda Flastinda yashovchi yahudiylarning soni 600 mingdan, arablarniki esa 1 millondan oshardi. Ikkinchi jahon urushi tugaganidan so‘ng, Yahudiy agentligi Falastin yerlarida yashovchi yahudiylarning vakili sifatida Britaniyadan ushbu millat uchun davlat tuzulishini talab qila boshladi. Bu yerda arablarning ham borligiga ko‘z yuma olmagan Britaniya ushbu masalani hal qilishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ga topshirdi. 

BMT esa yahudiylar va arablar uchun yagona davlat tuzish haqida gap bo‘lishi mumkin emas, degan qarorga keldi. Yechim sifatida esa Falastin yerlarini alohida ikki davlatga bo‘lishga qaror qilindi. Shunda yahudiylarga 14,1 ming kvadrat kilometr, arablarga esa 11,1 ming kvadrat kilometr berildi. Uch dinning muqaddas shahri – Quddus xalqaro hudud, deb e’lon qilindi. Yahudiylar orasida bu qarorga qarshi chiqqanlar topilgan bo‘lsa-da, yakunda ular BMTning qarorini qabul qildi. Arablar esa, aksincha, bu haqida eshitishni ham istamas edi.

“Agar yahudiylar Falastinning hatto, bir qismiga ega bo‘lsa, bu yerlar olov va qonga botadi”, deb reaksiya qilgan edi Arab Oliy qo‘mitasi raisi o‘sha kezlarda.

Arablar BMTning ushbu qaroriga qarshi bo‘lsa-da, AQSH va SSSRning ko‘magida 1948 yilda Isroil davlatiga asos solindi. Bunda dastlab, yahudiylarning o‘zi ham Sovet Ittifoqining harakatlarini tushunmay qolgan edi. Chunki yahudiylar vaqtida SSSR hududida ham ta’qiblarga uchrab, u yerlardan qochishga majbur bo‘lgan edi. Biroq, SSSRning Isroil uchun Yaqin Sharq mintaqasida o‘z rejalari bor edi, aniqrog‘i ushbu davlatni ham sotsialistik tuzumga o‘tkazish orqali butun mintaqada boshqa gegemonlarning rolini susaytirish ko‘zlangan edi.

Arab-Isroil urushi

Yuqorida qayd etilganidek, Falastin yerlari Buyuk Britaniyaning nazoratida edi. Biroq ushbu yerlar BMTning mandatiga o‘tganidan so‘ng, Britaniya Falastindan o‘z qo‘shinlarini olib chiqa boshladi. Bu esa o‘z navbatida arab va yahudiylarning harbiylashtirilgan tuzilmalari tomonidan Falastin yerlarining muhim nuqtalarini egallash uchun kurash boshlanishiga olib keldi.

Arab davlatlar ligasi atorifida birlashgan mamlakatlar BMTning 1947 yilda Isroil davlatini tuzish to‘g‘risdagi qaroridan norozi bo‘lib, uning hududiga hujum qildi va bu 1949 yilga qadar davom etdi. Bu urush Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi birinchi to‘qnashuv bo‘ldi. Garchi Isroil 8 ta arab davlatiga qarshi yolg‘iz urushgan bo‘lsa-da, g‘alaba qozondi va bu Isroil tarixida “Mustaqillik uchun kurash” nomi bilan qoldi. Arablar esa buni falokat sifatida baholadi.

Qayd etish kerakki, urush boshlanishi arafasida Isroilning 45 ming atrofida askari bo‘lgan, arab davlatlari esa 50 minglik qo‘shin bilan hujumga o‘tgan. Biroq, to‘qnashuvlar avjiga chiqqan pallada Isroil qo‘shini kamayishning o‘rniga ko‘payib 100 mingdan oshdi. Urush yillarida chet eldan ko‘plab ko‘ngillilar Isroil harbiylarining safini to‘ldirishi bunga sabab bo‘ldi.

Urush yakuniga ko‘ra, BMT mandati bo‘yicha Falastindagi arablar uchun ajratilgan yerlarning 1300 km² va 112 ta aholi yashash punkti hamda Sharqiy Quddus Isroilga o‘tib ketdi.

O‘tgan asrning 40-yillar oxirida yuz bergan ushbu to‘qnashuvdan keyin ham arablar va yahudiylar o‘rtasida bir necha marta yirik janglar bo‘lib o‘tdi. Jumladan, 1967 yildagi “Olti kunlik urush”, 1973 yilda bo‘lib o‘tgan “Yom-Kippur urushi” ikki o‘rtadagi ziddiyat eng cho‘qqisiga chiqqan vaziyatlar hisoblanadi. Eng qizig‘i ikkala to‘qnashuvda ham Isroil g‘alaba qozongan.

“Olti kunlik urush”da beshta arab davlatiga qarshi chiqqan Isroil ming nafar ham askar yo‘qotmadi. Arab davlatlarining esa 10 mingdan oshiq harbiylari 6 kunlik jangda halok bo‘ldi. Ushbu to‘qnashuv natijalariga ko‘ra, Isroil Sinay yarimoroli va Iordan daryosining g‘arbiy sohilini o‘ziga qo‘shib oldi.

Arablar koalitsiyasi va Isroil o‘rtasidagi keyingi yirik harbiy to‘qnashuv 1973 yilda yuz berdi va tarixda “Yom-Kippur urushi” nomi bilan qoldi. Urushning bundan nom olishiga arablar tomonidan Yahudiylik dinida keng nishonlanadigan Yom-Kippur kuni hujumga o‘tilgani sabab bo‘ldi. 73-yilda to‘qnashuvning boshlanishiga esa Misr va Suriyaning “Olti kunlik urush”da yo‘qotilgan hududlarni Isroildan qaytib olishga bo‘lgan kuchli xohishlari sabab bo‘ldi. Biroq, bu safar ham oldingi to‘qnashuvlardagi kabi arab davlatlari Isroilga bas kela olmadi. 

Isroil g‘alabalarining omili nimadi edi?

Arab davlatlarining qatorisiga mag‘lubiyatga uchrashida yetarlicha sabablar bor edi. Jumladan, harbiy harakatlar vaqtida arab davlatlari Isroil kuchlariga nisbatan tarqoq harakat qilgan. Bundan tashqari arablarni yagona maqsad emas, o‘z manfaatlari birlashtirgan edi. Ular Isroil nazoratiga o‘tgan yerlarni Falastinga olib berishni emas, aksincha, o‘sha hududlarni o‘ziniki qilib olishni o‘ylardi.

Shu o‘rinda, dastlab Buyuk Britaniya tomonidan keyinchalik esa AQSHning Isroilga ko‘rsatgan harbiy va moliyaviy yordamlarini ham esdan chiqarmaslik kerak. Buyuk Britaniya Isroilga zamonaviy armiyani shakillantirishda yordam bergan bo‘lsa, AQSH uning har taraflama ta’minoti bilan shug‘ullandi. Jumladan, yuqorida qayd etilgan “Yom-Kippur urushi” boshlanmasidan bir oz avval AQSH Isroilga 634 million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatgan, keyinroq ushbu urush avjiga chiqqanda 982 millon AQSH dollari miqdorida harbiy grant hamda 1,5 milliard AQSH dollari miqdorida harbiy soha uchun qarz bergan.

Arab davlatlari uchun urush tugadi

Ko‘pgina siyosiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, arab davlatlari uchun Isroil bilan mojaro 1973 yilda yakunlangan. Aytish mumkinki, bugungi kundagi inqirozni Arab-Isroil o‘rtasidagi emas, ko‘proq Isroil-Falastin o‘rtasidagi mojaro deyish to‘g‘ri bo‘ladi.

“Bugun ushbu mojaro na Iordaniya, na Misr, na Livan va na Saudiya Arabistoniga kerak. Arablarning hech biri Isroil bilan jang qilmaydi, chunki arab davlatlari uchun Isroil bilan urushlar 1973 yilda tugagan”, deydi Yaqin Sharq mintaqasi bo‘yicha mutaxassis, siyosatshunos Aleksey Malashenko.

Qayd etish kerakki, ko‘pgina arab davlatlari ancha yillar avval o‘ziga dushman deb hisoblagan Isroil bilan bugun diplomatik aloqalarga ega. Xususan, 1994 yilda Iordaniya Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatib, undan ichimlik suvi, tabiiy gaz va xavfsizlik bo‘yicha kafolat oldi. Bundan tashqari, 1979 yilda Misr, 1999 yilda Mavritaniya, 2019 yilda Chad va 2020 yilda Marokash, BAA va Bahrayn Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi.

2021 yilgi inqiroz

Joriy yilning 7 may – Ramazon oyining oxirgi Juma kuni, Quddusdagi Al-Aqso masjidi atrofida tartibsizliklar boshlandi. Bunga Isroil politsiyasi tomonidan falastinlik arablar taroveh namozini o‘qiyotgan ushbu masjidga hujum qilingani sabab bo‘ldi. Bundan tashqari, Isroil sudi Shayx Jarroh mahallasida yashovchi arab oilalarini ko‘chirish to‘g‘risida qaror chiqardi. Chunki bu yerlarga yahudiylar da’vo qilib keladi.

Shundan so‘ng, G‘azoni nazorat qiluvchi falastinliklarning HAMAS harakati Isroilni ogohlantirdi: Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidi va Shayx Jarroh mahallasidan askarlarni olib chiqib ketish uchun mahalliy vaqt bilan soat 18:00 gacha muddat qo‘ydi.

Shart bajarilmagach, 10 may kuni ushbu harakat Isroilning bir qator shaharlarini 45 ta raketa bilan o‘qqa tutdi. Biroq Isroilning “Temir gumbaz” havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi ushbu 45 raketaning katta qismini osmonning o‘zida zararsizlantirdi. Ba’zilari esa aholi yashash punktiga tushdi. Vaqt o‘tishi va ikki o‘rtadagi ziddiyat ortib borishi bilan bu ssenariy ko‘p marta takrorlandi. HAMAS raketa uchiraverdi, Isroil uning katta qismini zararsizlantirib, qarshi hujum bilan javob qaytaraverdi.

Isroil sudining birgina qarori va masjidga qilingan hujum shunday shiddatli harbiy harakatlarni keltirib chiqardi. Oqibatda esa G‘azo sektorida yashovchi 126 arab halok bo‘ldi, 1000 ga yaqini jarohat oldi. Isroil tomonidan ham 7 kishi halok bo‘ldi.

Xalqaro hamjamiyatning 2021 yilgi inqirozga reaksiyasi

Ta’kidlash joizki, xalqaro munosabatlarning ba’zi ishtirokchilari ushbu masalada faqat til uchida munosabat bildirgan bo‘lsa, boshqalari Isroilni hatto terrorda aybladi. 

Ayniqsa, Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an ushbu masalada faol: bir qator davlatlar rahbarlari bilan Isroilning xatti-harakatlarini muhokama qildi, jumladan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan ham. Erdo‘g‘an Armanistonga qarshi urushda Turkiya Ozarbayjonni qanday qo‘llagan bo‘lsa, Isroilga qarshi kurashda Falastinni ham shunday qo‘llashini ma’lum qildi. 

Erdo‘g‘an Isroilning Falastinga qarshi zo‘ravonligiga bugun to‘xtalayotgani yo‘q. U avvaldan jahon hamjamiyatining e’tiborini ushbu mavzuga qaratib kelgan. Jumladan, 2019 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 74-majlisida Erdo‘g‘an nutq so‘zlab, Isroilning Falastinni butunlay egallab olayotgani, BMT esa bunga tomoshabin bo‘lib turganini qoraladi. O‘shanda Erdo‘g‘an minbarga Isroil va Falastin tuproqlari aks etgan xarita bilan chiqqan. Undagi to‘rt suratda 1948 yil – Isroil davlati tashkil topgandan buyon Falastin yerlarini qanchalik egallab borayotgani tasvirlangan edi.

Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa Isroil rasmiylarining Sharqiy Quddusdagi harbiy amaliyotini “qonunbuzarlik” deb atab, ular sodir bo‘lgan voqea uchun falastinliklardan kechirim so‘rashi kerakligini talab qildi.

Qator musulmon davlatlar umumiy ravishda Isroil xalqaro huquq normlarini buzayotganini aytib, norozilik bildirdi. Ularning orasida Iordaniya, Pokiston, Saudiya Arabistoni, Misr, Qatar, Bahrayn va BAA bor.

Keyinchalik, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy Isroilning Sharqiy Quddus va G‘azodagi so‘nggi hujumlariga munosabat bildirib, Misr va Iordaniyaning harakatsizligini tanqid qildi. U Isroil hukumatini “qonxo‘r sionist” deb atadi.

Isroilning “tutingan akasi” AQSH esa har ikki tomonni ham vaziyatda aybdor deb, mojaroni tugatishga chaqirdi. Yevropa Ittifoqi e’tiborini falastinliklarning noqonuniy ko‘chirilishiga qaratdi. Ular Isroil sudining qarorini tan olmadi.

Markaziy Osiyo davlatlaridan Qozog‘iston Al-Aqso masjidi atrofidagi vaziyatni hurmat qilishga, O‘zbekiston esa ushbu masjid daxlsizligini ta’minlashga chaqirdi.

Xulosa tariqasida Britaniyaning sobiq Bosh vaziri Chemberlenning so‘zlarini keltirish o‘rinli bo‘lardi:

“Urushda g‘oliblar bo‘lmaydi, faqat mag‘lublar”.

Boshlanganiga 10 kun ham bo‘lmagan ushbu to‘qnashuvlar oqibatida qanchadan-qancha oilalar boshpanasiz qoldi, tinchi buzildi. Eng achinarlisi ular o‘z yaqinlaridan ayrildi: bolalar yetim qoldi, ota-onalar farzand dog‘ida kuydi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

1248

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing