Livanda bino qulashi oqibatida 9 kishi halok bo‘ldi (video)
Olam
−
10:51 528 1 daqiqa
Kecha, 8 fevral kuni Livan shimolidagi Tripoli shahrida besh qavatli ikkita qo‘shni bino qulashi oqibatida kamida 9 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohat oldi. Bu haqda Livan fuqarolik mudofaasi xizmati va Milliy axborot agentligiga tayanib, “Al Arabiya” xabar berdi.
Hodisa shaharning eng qashshoq hududlaridan biri bo‘lgan Bob al-Tabbane mahallasida sodir bo‘lgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu qulagan bino eski bo‘lgan, unda taxminan 22 kishi yashagan.
Qutqaruvchilar vayronalar ostidan hozirgacha bir necha kishini tirik holda topgan. Jarohatlanganlar shifoxonaga yetkazilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari tun bo‘yi davom etgan. Xavfsizlik nuqtai nazaridan qo‘shni binolardagi aholi evakuatsiya qilingan, chunki binolarning yana qulash xavfi mavjud.
Tripoli shahar hokimi Abdul Hamid Karimeh bu voqeani yillar davomida e’tiborsiz qolgan infratuzilma oqibati deb baholagan. Uning aytishicha, shahardagi ko‘plab binolar xavfli holatda bo‘lib, bu vaziyatni jiddiy nazoratga olishni talab qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida joylashgan tumanlarning birida noqonuniy qurilgan ikkita bino qulab tushgandi. Hodisa oqibatida 7 kishi qurbon bo‘lgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi